Endi voyaga yetmagan farzandini jismoniy jazolagan ota-onalar javobgarlikka tortiladi

Saqlash
15:24 / 28.02.2024 834 0

Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi.

 

Unga koʻra, bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi esa komissiyaning ishchi organi, shuningdek, qonun ijrosini taʼminlash boʻyicha vakolatli organ etib belgilandi.

 

Qonun loyihasida bolalarga nisbatan zoʻravonlik shakllariga taʼrif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash, qonunga binoan taʼqib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash koʻzda tutilgan.

 

Shuningdek, bolalarga nisbatan zoʻravonlik shakllari amaldagi uchtadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) oltitaga (gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirildi.

 

Taʼkidlash lozim, mazkur qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut ham joriy etiladi. Yaʼni, endilikda bolalarga ham himoya orderi beriladi.

 

Bunda order vakolatli organ tomonidan zoʻravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxsga hamda zoʻravonlikdan jabrlanuvchining oʻziga beriladi.

 

Bundan tashqari, loyihada bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qoʻyilgan. Jumladan, unda ota-onalar bolalarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishi, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatishi hamda zararli taʼsir koʻrsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilgan.

 

Shu bilan birga, qonun loyihasida taʼlim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zoʻravonlikka yoʻl qoʻyilmasligi, taʼlim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zoʻravonlikning har qanday shakli, shu jumladan, jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qoʻllashga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilab qoʻyildi.

 

Eʼtiborlisi, zoʻravonlik xavfi ostida boʻlgan bolalar toifalari (yetim, nazoratsiz, aqliy rivojlanishda nuqsoni bor, fohishalik, tilanchilik bilan shugʻullanayotgan bolalar) qonun loyihasida aniq belgilab berilgan. Bu esa sohadagi vakolatli organlarga zoʻravonlikdan jabrlangan, zoʻravonlik xavfi ostida boʻlgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zoʻravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirishga yordam beradi.

 

Shu qatorda, zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning huquqlari hamda ularni zoʻravonlikdan himoya qilishning umumiy va yakka tartibdagi chora-tadbirlari ham belgilandi.

 

“Xususan, zoʻravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishning yakka tartibdagi chora-tadbirlarini qoʻllash uchun asos boʻladi”, – deyiladi xabarda.

 

Birinchi oʻqishda konseptual jihatdan bir ovozdan qabul qilingan qonun loyihasi bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlariga murosasiz munosabatda boʻlish, zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//