Farg‘ona va Qo‘qonda qariyb 1.4 milliard so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan noqonuniy maynerlar aniqlandi

Saqlash
16:18 / 27.02.2024 920 0

Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida 1 milliard 329 ming so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan noqonuniy maynerlar aniqlandi. Bu haqda DXX ma'lumot berdi.

 

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda “O‘zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazilgan.

 

Jumladan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1973-yilda tug‘ilgan shaxs o‘z qarindoshining yashash xonadonida 10 ta mayning qurilmalarini elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, 2021– 2024-yillar davomida mayning faoliyati bilan shug‘ullanib kelishi natijasida, davlat manfaatlariga 638 million 274 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

 

Farg‘ona shahrida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan shaxsning xonadonida 11 dona, quvvati 14,85 kilovatt bo‘lgan mayning qurilmalari yashirin ravishda elektr tarmog‘iga ulanib, 320 million 118 ming so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan.

 

Boshqa holatda esa Farg‘ona shahrida yashovchi, 1971-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli xonadon ko‘zdan kechirilganda, 6 dona, quvvati 12,4 kilovatt bo‘lgan mayning qurilmalari elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib, elektr ta’minoti korxonasiga 293 million 284 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.

 

Yana bir holatda, Farg‘ona shahrida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan shaxs onasiga tegishli xonadonda kriptovalyuta ishlab chiqarish faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullanib, 3 dona mayning qurilmalaridan foydalanishi natijasida, elektr energiyasi bo‘yicha davlat manfaatlariga 77 million 585 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//