“Yigit soʻzi” Putinning saylovoldi tashviqoti boʻlishi mumkin

Saqlash
23:28 / 26.02.2024 1488 0

Ushbu xabar sizni qiziqtirib qoʻygani aniq.

 

Rossiya prezidenti maʼmuriyatining ichki hujjatlari bilan tanishib chiqqan Meduza mazkur daʼvo bilan xabar tarqatgan.

 

Unda yozilishicha, bir qancha filmlar Putinga yana bir prezidentlik saylovini yutishida yordam berishi kerak boʻlgan.

 

2023-yilning bahorida Rossiya prezidenti maʼmuriyati (AP) Vladimir Putinning boʻlajak qayta saylanishiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazgan va agar chin boʻlsa, bunga salkam bir yil boʻladi. Mazkur yigʻilishda boʻlajak saylovga oid taqdimot ham qilingan.

 

Xabarda taqdimot Novikov tomonidan Internetni rivojlantirish instituti (IRI) rahbari Aleksey Goreslavskiy bilan hamkorlikda tayyorlanganligi aytiladi.

 

Maʼlum boʻlishicha, urush kechayotgan ayni davrda mazkur tashkilot filmlar, teleseriallar va boshqa madaniy mahsulotlarni moliyalashtirgan va bu materiallarning aksariyati tashviqot xarakteriga ega.

 

Bu maʼlumotlar ichki hujjatlar sizib chiqishi orqali Meduza nashrining “qoʻliga” kelib tushgan. Ularning haqiqiyligini Kremlga yaqin, ushbu hujjat bilan tanish, shuningdek, uchrashuv ishtirokchilaridan biri boʻlgan shaxs ham tasdiqlagan.

 

“Biz saylov oldidan nimalar kutilayotganiga hozirlik koʻrayotgan edik”, deb eslagan uchrashuv ishtirokchisi.

 

Shuningdek, hujjatda Rossiya prezidentligiga saylov munosabati bilan “tarqatilishi” hamda “tashviqot qilinishi” rejalashtirilgan filmlar va seriallar nomlari keltirilgan. Ular orasida hatto xususiy investorlar tomonidan moliyalashtirilganlari ham bor. Shu qatorda, suratlar ham tashviqot-targʻibot amaliyotida asosiy rol oʻynashi kerak boʻlgan.

 

Hujjatda soʻnggi yillardagi mashhurlikka erishgan rus seriali, SSSRning soʻnggi yillaridagi Qozon jinoiy guruhlari haqida hikoya qiluvchi “Yigit soʻzi” ham keltirilgan. Taqdimotdagi boshqa loyihalar singari u ham Rossiyada turmush tarzidagi ijobiy oʻzgarishlar, vatandoshlarning tarixiy va zamonaviy yutuqlari, aholining yashash sharoitidagi tafovutlar, madaniy oʻziga xoslik, anʼanalar va suverenitetni saqlab qolish kabi tushunchalarni shakllantirishga xizmat qilishi kerak boʻlgan.

 

Bundan tashqari, xabarda “Xolop-2”, “Muz-3” va boshqa kartinalardan ham shunday maqsadlar koʻzlangani aytildi.

 

Biroq bu aytilganlar hali shunchaki faraz boʻlishi ham mumkin. Chunki rejissyorlardan biri “Yigit soʻzi” filmi haqida aytilgan yuqoridagi soʻzlarni hayratlangancha rad qilgan. Boshqa bir masʼul esa “bu haqida umuman eshitmagan”ligini qayta-qayta taʼkidlagan.

 

Kino sanoatidagi yana bir manba “Yigit soʻzi” “hech qanday siyosiy mafkura uchun ishlab chiqilmagani, bularning barchasi asossiz” ekanligini aytgan. Uning fikricha, “serialning hozirgi voqealarga hech qanday aloqasi yoʻq. U shunchaki tijorat uchun suratga olingan”.

 

Maʼlumot uchun, saytimizda “Yigit soʻzi” serialining umumiy tahlili boʻyicha maqola ham joylagan edik.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//