Qozogʻiston gerbini oʻzgartirish taklif qilindi

Saqlash
15:12 / 26.02.2024 873 0

Bu tashabbus “Jana Adamdar” yoshlar harakatidan chiqqan. Ular mamlakat aholisiga Qozogʻistonning yangi gerbi haqida oʻylab koʻrishni taklif qilgan.

 

Tashabbuskor tarafning taʼkidlashicha, bir tarix va anʼanada yashayotgan xalqlarni azaldan umumiy ramzlar birlashtirib kelgan bo'lsa, qozogʻistonliklar uchun mamlakat gerbi ham ana shunday maʼnoga ega.

 

“Gerb kompaniya logotipi ham, esdalik nishoni ham, gerb ham emas. Gerb bundan ham kuchliroq maʼnoga ega. U taqdir degani. Biroq hozir biz qoʻllayotgan gerb kelajakka qarab intilishni anglatmaydi. Qadriyatlarimiz haqida gapirmaydi. Masalan, soʻrovda qatnashgan qozogʻistonliklarning 70 foizi uni tanimagan. Yangi vaqt yangi qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Qozogʻiston ulkan global rejalarni belgilamoqda. “Jana Adamdar” bu rejalar uchun yangi yosh davlatning ambitsiyalariga mos keladigan yangi ramz kerakligiga ishonadi. Hozirgi dunyoda oʻz oʻrnimizni qanday topishimiz mumkin? Gerb mana shunday asosiy savolga javob berishi kerak”, – deydi tashkilot aʼzolari gerbning asosiy maʼnosiga urgʻu berib.

 

Shuningdek, Yoshlar harakati faollari Qozogʻiston taqdirini davlat chegaralari belgilashi, aholi uchun nafaqat omon qolish, balki erkinlik, qadr-qimmatni saqlash, dunyoda oʻz oʻrnini egallash imkonini beradigan shart-sharoitlarni yaratish kerakligi va buni yangi gerb aks ettirishi lozimligini oʻz fikrlarida bayon qilgan.

 

Tashkilot aʼzolari Prezident Tokayevning soʻzlaridan ham iqtibos keltirgan:

“Prezident Tokayev ham ushbu holatni aniq taʼriflab bergan: “Yorqin kelajakka ishonmagan xalq kuchli davlat qura olmaydi. Orzularimiz ushaladimi, rejalarimiz amalga oshadimi, faqat oʻzimizga bogʻliq. Eng muhimi, yurtdagi totuvlik, tinchlik va barqarorlikni qadrlashimiz kerak. Birlik xalq ruhini yuksaltiradi… Birlik ongda boʻlishi kerak”.

 

“Jana Adamdar” butun mamlakat endi yangi gerb haqida oʻylashi kerakligi, bunga vaqt kelganini savol mazmuni bilan tushuntirgan.

 

Maʼlumot uchun, Qozogʻiston Respublikasining gerbi 1992-yil 4-iyunda qabul qilingan boʻlib, shu kungacha bir necha bor oʻzgartirilgan.

 

 

Xabarda yozilishicha, Qozogʻiston gerbi mamlakatning koʻp asrlik madaniyati va qozoq xalqi anʼanalarini aks ettiradi. Uni yaratish ustida dizaynerlar Shot-Aman Ualixonov va Jandarbek Malibekov ishlagan. Gerb aylana shaklda boʻlib, koʻchmanchi xalqlar orasida bu figura quyoshni ifodalagan. Shuningdek, abadiy harakat va hayot ramzi ham hisoblangan. Gerbni yaratuvchilar ham ataylab mazkur shaklni tanlagan. Maqsad esa bu orqali davlat gʻoyasi cheksiz taraqqiyot va yaxshi kelajak sari harakat ekanligini koʻrsatish boʻlgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//