O‘n ikki nafar bolaning kaft izlari tushirilgan surat 22 million so‘mga sotildi

Saqlash
16:38 / 22.02.2024 1022 0

Toshkent shahar yoshlar ijodiyot markazida gematologik va onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolalar chizgan suratlarning ko‘rgazmasi  hamda  auksioni bo‘lib  o‘tdi. An’anaviy tadbir “Sen kuchlisan” loyihasi tomonidan tashkil etilgan.

 

Auksionda eng yuqori narxda sotilgan surat o‘z rekordini yangiladi. 12 nafar bemor bolaning kaft izlari aks etgan mazkur surat og‘riqli tarixga ega. Hozirda 12 nafar bolaning bir nafari tirik, xolos. Qolganlari og‘ir kasalliklar bilan kurashib birin-ketin nobud bo‘lgan.

 

Afsuski, har yili minglab bolalarga gematologik va onkologik kasalliklar tashxisi qo‘yiladi. Ko‘rgazmada 150dan ziyod bolalarning 1000 ga yaqin o‘z qo‘llari bilan yaratgan buyumlari, chizgan rasmlari namoyish etildi. 

 

 

Auksionda anchayin kamchilik qatnashib, suratlardan sotib oldi. Ular orasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ham bor. “Loyiha tashabbuskorlari faol fuqarolar. Ular qayerdadir katta lavozimda o‘tirgan amaldorlar emas, oddiy insonlar. Ya’ni yon-atrofda bo‘layotgan hodisalarga, insonlar dardiga befarq bo‘lmaganlar. Ularga rahmat aytaman. Har kim ham vaqtini, mablag‘ini sarflab xayriya ishlariga qo‘l urmaydi. Tadbir noan’anaviy bo‘libdi. Birinchi marta qatnashib, surat sotib oldim. Ishonchim komilki, bu mablag‘lar o‘g‘ir dard bilan kurashayotgan bolalarga sarflanadi”, deydi u.

 

 

Loyiha tashabbuskorlaridan biri Abror Zohidov bilan ham suhbatlashdik:

 

 

Tadbirimizda ikkita rekord qayt etildi. Shu paytgacha eng ko‘pi 800tacha rasm qatnashgan bo‘lsa, bugun 1000 dan ziyod suratlar ya’ni umidlar  ishtirok etdi. Suratlarni chizgan bolalar umid bilan nima bo‘larkan, sotilarmikan deb ko‘z tikib turishibdi. Ikkinchi rekord esa bu “Umid” nomli suratimiz 22 million so‘mga sotildi. Savol tug‘ilishi tabiiy – qolgan suratlar nima bo‘ladi? Bilamizki hammasi ham sotilmaydi. Bugun sotuvdan tushgan mablag‘larni hamma mualliflarga teng taqsimlab beramiz. Bundan maqsad: hech bir bemor bola noumid bo‘lmasin.

 

Biz xohlardik ko‘proq odam kelishini va faolroq bo‘lishini. Bugun auksionda 15-20 ta odam faol qatnashdi. Nima ham derdik boriga shukur, shunchalik e’tibor qaratib, qatnashganlari uchun ham.

 

 

Yana bir masala, jamoamiz imkoniyatlari cheklangan. Volontyorlarning asosiy ishi boshqa. Vaqt va texnik tomonlama ham imkoniyatlarimiz cheklangan. Kelgusida loyihani takomillashtirishni rejalashtiryapmiz, albatta.

 

 

Diyora Abdujabborova, Facebook faoli:

 

 

Ko‘rgazmada ikkinchi marta qatnashishim. Loyiha sahifalarini kuzatib, ulashib boraman. Bu loyihaga hayotlarni yoritib boruvchi umid chirog‘i deb baho bergan bo‘lardim. Bolalarni ijod qilishga, his-tuyg‘ularini muhrlashga ko’mak berish bilan birga ulardan xotiralar ham yaratyapti. Har bir suratning o‘z tarixi, hikoyasi borligi esa insonni yanayam o‘yga toldiradi, mulohazaga chorlaydi. Bunday tadbir tashkil etilgani shaxsan meni juda quvontirgan, bolalar olamiga kirish, dardlarini baham ko‘rish, biroz bo‘lsa-da xayrli ishga qo‘l urishga juda yaxshi imkoniyat.   

 

 

Loyiha keng quloch yozayotgan bo‘lsa-da hamon unga qiziquvchilar ko‘p emas. Ijtimoiy faollar bunday tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashi, suratlar sotilishi, bolalarga yanada ko‘proq yordam va e’tibor berishga hissa qo‘shishlari kerak. Davlat tashkilotlarining ham ishtiroki va qo‘llovi ta’minlansa (Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi) ayni muddao.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//