“Oila aʼzolarining masʼuliyati va javobgarligini oshirish”. Farzandi dars qoldirgan ota-onalarga “Ogohlantirish xati” yuborilayotgani sababi aytildi

Saqlash
19:24 / 13.02.2024 974 0

Ijtimoiy tarmoqlarda farzandi maktab darslarini qoldirgan ota-onalarga “Ogohlantirish xati” yuborilayotgani xususida turli xabarlarga tarqaldi.

 

Unda endilikda dars qoldirib kelayotgan oʻquvchilarning ota-onalariga “Ogohlantirish xati” yuborilishi va bu orqali ularga turli tartibdagi maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllanishi aytib oʻtilgan. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova holatga munosabat bildirdi.

 

 

Munosabatda maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga oʻtkazilganligi va ularning asosiy vazifasi oʻquvchilarning taʼlim-tarbiyasini tashkil etishda maktab jamoalariga yaqindan koʻmaklashish, muntazam dars qoldiruvchi oʻquvchilarning ota-onalari bilan ishlashdan iboratligi eslatib oʻtilgan.

 

Shu maqsadda darslarga muntazam (uch oʻquv kuni va undan ortiq) sababsiz qatnashmayotgan oʻquvchilarning yashash manzillariga tezkor ravishda “Ogohlantirish xati” yuborilmoqda. Unda oʻquvchilarning ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi mazmun-mohiyati tushuntirib oʻtilgan.

 

Jumladan, farzandlarini tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik, bolalarning majburiy umumiy oʻrta taʼlim olishiga toʻsqinlik qilish oqibatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining tegishli moddasiga asosan qonuniy jazo choralari keltirib oʻtilgan.

 

“Bundan koʻzlangan maqsad, darsda ishtirok etmayotgan oʻquvchilar oila aʼzolarining masʼuliyati va javobgarligini oshirishdan iborat”, deyiladi munosabatda.

 

Vazirlik eslatmoqda: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasida:

 

ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majbur ekanliklari;

 

Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 51-moddasida:

 

voyaga yetmagan taʼlim oluvchilarning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillari bolalarining umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim yoki boshlangʻich professional taʼlim olishini taʼminlashi shart ekanligi keltirib oʻtilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//