Beriladigan maksimal mikroqarz miqdori ikki barobarga oshiriladi

Saqlash
17:52 / 09.02.2024 953 0

Senatning elliginchi yalpi majlisida koʻrib chiqilgan qonunga binoan, Fuqarolik kodeksiga va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

 

Unga koʻra, aholi va tadbirkorlarga ajratilgan mikroqarz yoki kredit boʻyicha amalga oshirilgan toʻlov summasi, agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun yetarli boʻlmasa, qarz oluvchining qarzi belgilangan tartibda undiriladi.

 

Yaʼni, avvalo, qarzdor tomonidan asosiy qarz boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik va muddati oʻtgan foiz toʻlovlari mutanosib ravishda uziladi. Soʻngra joriy davr uchun hisoblangan foizlar va joriy davr uchun asosiy qarz boʻyicha qarzdorlik toʻlanadi. Uchinchi navbatda neustoyka (jarima, penya)lar va keyingi navbatda kreditorning qarzdorlikni uzish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlari undiriladi.

 

Bundan tashqari, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunga ham oʻzgartirish kiritilayotgan boʻlib, unga koʻra jismoniy shaxs boʻlgan qarz oluvchiga ajratiladigan mikroqarz miqdori 50 million soʻmdan 100 million soʻmga oshirilmoqda.

 

Senatorlarning taʼkidlashicha, qonun aholi va tadbirkorlarga mikroqarz yoki kredit olib foydalanish jarayonlarini kengaytirishga, ular tomonidan kreditlarni qaytarish qobiliyati yaxshilanishiga zamin yaratadi. Shuningdek, aholini va tadbirkorlarning moliyaviy mablagʻlar hamda xizmatlarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish bilan birga ularning ishchanlik faolligini oshirishga va ushbu yoʻnalishdagi mavjud muammolarni hal etishga xizmat qiladi.

 

Majlis davomida senatorlar ushbu qonun loyihasini maʼqullagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//