Hamkasbiga shilqimlik qilgan davlat telekanali bosh muharriri oʻrinbosari 3 sutkaga qamaldi

Saqlash
16:11 / 08.02.2024 320 0

Maʼlum boʻlishicha, poytaxt telekanallaridan birida bosh muharrir oʻrinbosari hamkasbini ish joyiga aldab chaqirib, unga tegajogʻlik qilgan.

 

Joriy yilning 6-fevral kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41−1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish)ga oid sud ishi koʻrib chiqilgan.

 

Unga koʻra, shu yilning 27-yanvarida 1988-yilda tugʻilgan X.Sh. (muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilgan) hamkasbini ish joyiga aldab chaqirib, unga tegajogʻlik qilib, uni burchakka taqab, oʻpmoqchi boʻlgan. Qiz bunday holat anchadan buyon boʻlib kelayotganini, bu holatdan soʻng asabiylashib qolganini bildirib, suddan X. Sh. ga nisbatan qonuniy chora koʻrishni va oʻziga yetkazilgan maʼnaviy zararni undirib berishni soʻrab, koʻrsatma bergan.

 

Sudlanuvchi ham yuqorida koʻrsatib oʻtilgan huquqbuzarlik harakatiga iqrorligini, hozirda qilgan ishidan pushaymonligini, qilmishining oqibatlarini tushunib yetganini, kelgusida bunday holat boshqa takrorlanmasligini bildirib, suddan unga nisbatan yengillik berishni soʻragan.

 

Sud qaroriga koʻra, X.Sh. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41−1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan aybdor deb topilgan. Hozirda unga nisbatan 3 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//