Yaqin uch yilda 10 ming nafar muhandis kerak boʻladi

Saqlash
17:21 / 07.02.2024 266 0

Maʼlumki, hozirgi davrda avtomobillar oʻrnini sekin-astalik bilan elektromobillar egallamoqda. Mamlakatimizda ham bu turdagi ulovlarning kirib kelishi, aholining ularga boʻlgan talabi ortib bormoqda.

 

Jumladan, soʻnggi uch yilda Oʻzbekistonda elektromobillar sotuvi 10 barobar koʻpaygan. 2023-yilda import qilingan avtomobillarning 35 foizini elektromobil va gibridlar tashkil qilgan.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun elektromobil ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishganda ham ana shu jihatga toʻxtalib oʻtilgan.

 

Maʼlumki, “BYD” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida gibrid hamda elektromobillarni yigʻish boʻyicha loyiha boshlandi. Kompaniya rahbari bilan muzokara chogʻida yaqin istiqbolda ishlab chiqarish quvvatini yiliga 500 ming donagacha yetkazish boʻyicha fikr almashilgan edi.

 

Hozirda mutasaddilarga bu yoʻnalishdagi marralarni kengroq olib, loyihalarni jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan. “BYD” kompaniyasi hamkorlarini jalb qilib, elektromobillar uchun butlovchi qismlarni oʻzlashtirish zarurligi taʼkidlangan.

 

Yangi tarmoqda raqobatbardosh boʻlish uchun, eng avvalo, innovatsiya va ilgʻor texnologiyalar kerak. Shu bois Turin politexnika instituti, muhandislik markazlari, ilmiy institut va laboratoriyalarni oʻzaro bogʻlaydigan yaxlit tizim yaratish vazifasi qoʻyilgan.

 

Albatta, mazkur soha rivojlanishi bilan mutaxassis va ishchilarga talab ortadi. Yaqin uch yilda bu talab 10 mingga yetishi ham mumkin. Shuning uchun malakali kadrlar tayyorlashni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//