Jamiyat
Qarzdor kreditni to‘lolmasa, nima bo‘ladi?
Aynan mana shu savol kafil bo‘lmoqchi bo‘lgan tomonni boshidanoq o‘ylantirishi lozim. Kafillikning mohiyati shundaki, kafil qarzdor olgan kreditini to‘lashi uchun javobgarlikni o‘ziga oladi. Bunday javobgarlik qarzning to‘liq summasiga yoki bir qismiga bo‘lishi mumkin (shartnomada kelishiladi). Yaʼni, agar qarzdor pulni to‘lamasa, to‘lov kafildan undiriladi.
Biz bir nechta kafilmiz, mendan qarzni yechmaydi
Odatda, barcha kafillar bank oldida solidar(birgalikda) javobgar bo‘ladi (subsidiar belgilanishi ham mumkin). Agar qarzdor kreditni to‘lamasa, bank qarzni istalgan bitta kafildan yoki hammasidan bir paytda so‘rashi mumkin. Bank oldida barcha kafillar teng qarzdor sanaladi.
Men kafil bo‘lsam ham, qarzdor uchun pul bermayman
Agar qarzdor ham, kafil ham kreditni to‘lamasa, bank ularning har ikkalasini sudga berishi mumkin. Kafil qarzdor bilan bir xil hajmda javob beradi.
Kredit olgandan so‘ng, kafillikdan chiqaman
Kafil bo‘lish uchun yozma shaklda kafillik shartnomasi tuziladi. Bu shartnomani esa bir tomonlama buzib bo‘lmaydi. Shunday ekan, kafillikdan bosh tortish imkonsiz. Kafil ishini yo‘qotishi, kasal bo‘lishi, farzandi uchun kontrakt to‘lashi va hatto kafillik bergan tanishi bilan orasi buzilishi ham shartnomani buzishga asos bo‘lmaydi.
Mening o‘zim qarzdorning kreditini yopib qo‘ysam-chi?
Bunday holatda bankning kredit bo‘yicha barcha huquqlari kafilga o‘tadi. Ammo kafilning huquqlari u bankka to‘lagan pul miqdori bilan cheklanadi. Endilikda kafil qarz beruvchi hisoblanadi. U qarzdordan foizlar, bundan tashqari, o‘ziga yetgan zararni qoplashni talab qilishi mumkin. Ammo bunday holatda nizo kelib chiqishi yoki pul to‘langan miqdorida qaytmasligi mumkin.
Men kafil bo‘lsam, kredit olgandan pul so‘rayman
Bu narsa mumkin, shunda ham qarzdor va kafil o‘rtasidagi shartnomada boshqacha shart bo‘lmasa. Yaʼni, kafillik uchun to‘lov miqdori o‘zaro kelishiladi.
Unda qanday qarorga kelishim kerak?
Birovning qarzi uchun “turib berish” jiddiy qaror. Yaʼni, kreditning qaytarilishida uning foizi bilan to‘lanishiga ham eʼtibor berish zarur. Shuning uchun kafillik berilayotgan har bir holatda hissiyotlarga berilmay vaziyatni tahlil qilish kerak.
Nimaga eʼtibor beray?
✔️ kredit summasi va foizi;
✔️ kredit muddati;
✔️ kredit turi va maqsadi;
✔️ kredit to‘lov grafigi bo‘yicha oylik to‘lov summasi;
✔️ kredit taʼminotiga boshqa garov mulklari qo‘yilgan yoki qo‘yilmaganligi;
✔️ kafillik berilayotgan kishining boshqa kreditlari bor yoki yo‘qligi;
✔️ kafillik berilayotgan kishining oylik daromadlari;
✔️ kafillik berilayotgan kishining shaxsiy harakteri: punktualligi, tartibliligi, hisobliligi.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q