Tarix fani o‘qituvchilariga ham ustama to‘lanishi mumkin

Saqlash
16:23 / 31.01.2024 812 0

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2024-yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

 

Shuningdek, ushbu Davlat dasturida umumiy o‘rta taʼlim muassasalari direktorlarini menejerlik sertifikatsiyalash tizimi joriy etishi belgilangan. Yaʼni, endi direktorlarga malakaviy talablar aniq belgilanib, ular har 5 yilda 1 marotaba attestatsiyadan o‘tkaziladi.

 

Davlat dasturida “Mening maktabim” loyihasi yo‘lga qo‘yilishi ham taʼkidlangan. Ushbu loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 1 tadan tumanida (shahar) sinov tariqasida amaliyotga tatbiq etiladi. Loyiha doirasida maktablarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobari miqdorida (hozirda 51 mln. so‘m) mablag‘ ajratilib, bu mablag‘lar 5–11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktablar uchun zarur tovarlarga sarflanadi.

 

Bundan tashqari, joriy yilning 1-sentyabridan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba tariqasida umumiy o‘rta taʼlim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//