“Toshkentda turgan odaming o‘rtaga chiqadigan bo‘lsa, vallomating bo‘lsa ham, gaplashaman...”

Saqlash
14:36 / 31.01.2024 1014 0

Kuni kecha Toshkent viloyatida viloyat hokimi hamda hududdagi barcha tibbiyot birlashmalari, kasalxona rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

 

Maʼlum bo‘lishicha, unda Toshkent viloyati hokimi hududda faoliyat yurituvchi o‘n nafar bosh shifokorni prezident topshirig‘ini bajarmaslikda ayblagan.

 

“Bir umr kasalxonaning “kreslo”sini nikohlab olgan noinsof ikkita uchtang o‘tirib olib, dori-darmonni ham o‘zingning ota-bobongdan qolgan firmadan olishga o‘rgangan ekansan. Xalqqa xiyonat qilishga nima haqingiz bor? Kasalning kunidan, kasalning haqidan, kasalning rizqini qirqib, qayerga bormoqchisan? Qanday baraka topmoqchisan? Bularning hammasi sabotaj”, - deya tanqid qilgan Zoir Mirzayev yig‘ilish davomida.

 

 

"Bularning birortasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan mahalliy doriga shartnoma qilmagan. Bularga import dori kerak. Nimaga yig‘ilishga keldingiz unda? Davlat rahbarining topshirig‘ini qancha muhokama bo‘lishiga qaramasdan bajarmaslikga nima haqingiz bor? Kim sizlarga bunaqa vakolat berdi? Shunchalik ham noinsofmisizlar?" degan mazmundagi so‘zlari keltiriladi manbada.

 

Maʼlumot uchun, Zoir Mirzayev o‘n nafar bosh shifokor — Angren, Ohangaron shahar, Bekobod, Bo‘stonliq, Qibray, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Piskent, Chinoz, Yangiyo‘l tumanlarining tibbiyot birlashmalari boshlig‘ini ishdan olish haqida topshiriq bergan.

 

“Sultonbekov hammasini olib qolasiz va hammasining arizasini olasiz. Moliya boshqarmasi, ertaga guruh qilib, bular kim bilan shartnoma qilgan, necha so‘mdan dori olyapti? Qaysi import doriga shartnoma qilgan? Nega bularning fikri buzuq, baho berasizlar. Men sizga prokuratura, departament va soliq — hammasidan odam qo‘shib beraman”, — degan hokim yig‘ilish davomida.

 

Shuningdek, viloyat hokimi viloyat Zoir Mirzayev viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga ham murojaat qilgan:

“Bugun sog‘liqni saqlash vaziri bilan gaplashasiz va menga bularning masalasini hal qilib berasiz. Birorta odamning o‘rtasiga tushib, mana bunaqa desangiz, o‘zingizni ishdan olib tashlayman, janob sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i”.

 

 

Toshkent viloyati hokimi, shuningdek, respublika shifoxonalari filiallarining bosh shifokorlari ham hududda joylashgani bois, belgilangan tartibga rioya qilishi kerakligini taʼkidlagan:

“Hurmatli bosh vrachlar, Toshkentda turgan odaming o‘rtaga chiqadigan bo‘lsa, vallomating bo‘lsa ham gaplashaman. Bizga vatanparvarlar kerak. Rahbarimiz aytganlaridek, tajribasi bo‘lmasa ham, Vatanini yaxshi ko‘rsa, vatanparvar bo‘lsa, yuragi Toshkent viloyati uchun yonadigan bo‘lsa, kecha institutni bitirib kelgan bo‘lsa ham, qo‘yamiz”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//