Deputat pasportni yo‘qotganlik uchun javobgarlik kuchaytirilayotganiga eʼtiroz bildirdi

Saqlash
17:32 / 30.01.2024 892 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasini takomillashtirish maqsadida Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi eng ko‘p munozaralarga sabab bo‘ldi.

 

Mazkur o‘zgartirishlarga ko‘ra, fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yo‘qotib qo‘ysa yoki yaroqsizlantirsa, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima qo‘llash belgilanmoqda.

 

Tashabbuskorlarning fikricha, maʼmuriy javobgarlikni nazarda tutuvchi bir qator jarimalar maqbullashtirilmoqda, yaʼni liberallashtirilmoqda.

 

"To‘g‘ri, bir qarashda shunday tuyulishi mumkin. Biroq loyihani sinchiklab ko‘rish jarayonida ayrim normalar bo‘yicha eʼtirozlar kelib chiqmoqda. Masalan, ushbu qonun loyihasida maʼmuriy javobgarlik choralari aslida amaldagidan ko‘ra og‘irlashtirilayotgani yaqqol sezilib turibdi. 223-modda ikki qismga ajratilyapti. Birinchi qismda pasportni muddati o‘tgani yoki maʼlumotlari o‘zgargani sababli almashtirish masalasida BHMning bir baravari miqdoridagi jarima ko‘zda tutilmoqda. Amaldagi tartibda 0,5 dan 3 baravarigacha edi. Moddaning 2-qismida pasportni yo‘qotib qo‘ysa yoki qasddan shikast yetkazsa, BHMning 2 baravari deyilyapti. Amalda esa bu holatda ham 0,5-3 baravargacha edi.

Amaliyotdagi holatlar tahlil qilinganda, bu turdagi javobgarliklar uchun asosan BHMning 0,5 miqdorida jarima qo‘llanilgan. Endi esa yarim oklad bo‘lib turgan jarima 4 baravarga oshirilyapti. Bu noto‘g‘ri. O‘ylashimcha, amaldagi BHMning 0,5 baravari holatida qoldirish, agar takrorlansa, miqdorini oshirish lozim", - deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘ktam Islomov.

 

Maʼlum bo‘lishicha, muhokamalar davomida deputatlar loyihada pasportni qasddan yaroqsizlantirganlik uchun javobgarlik belgilangani, lekin qasddan emas, ehtiyotsizlik oqibatidagi holatda fuqaroga qanday javobgarlik ko‘zda tutilgani bilan qiziqqan, lekin qonun tashabbuskorlaridan asosli javob bo‘lmagan.

 

Yakunda esa qonun loyihasida qasddan va ehtiyotsizlik tufayli degan normalarni loyihada alohida-alohida qilish taklif etilgan.

 

"Yana bir muhim masala. Qonun loyihasida ID-karta egasi uni yo‘qotganda yoki ehtiyotsizlik tufayli yaroqsiz holga kelganda ikki baravar jarima to‘lash belgilanyapti. Nega endi ID-kartani rasmiylashtirib olishda to‘lov to‘lagan fuqaro o‘z mulkini yo‘qotganda ham jarima to‘lashi kerak? Bu jazo kerakmi? Lekin qonun tashabbuskorlari jim. Shaxsan men maʼmuriy jazoni olib tashlash tarafdoriman.

Qonun loyihasi keyingi o‘qishlarda qabul qilinishi yoki qabul qilinmasligini esa vaqt ko‘rsatadi", - deydi deputat o‘z munosabati yakunida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//