Toshkent shahrida daraxtlarga pasport beriladi

Saqlash
16:09 / 30.01.2024 893 0

Ayni damda respublikamizdagi barcha daraxtlar raqamlashtirilib, xatlovdan o‘tkazilmoqda. Toshkent shahrida esa sinov tariqasida daraxtlar pasportlashtiriladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Unga ko‘ra, daraxtlarni pasportlashtirish 3 bosqichda amalga oshiriladi. Yaʼni:

1-bosqichda aerokosmik tasvirlar va dasturiy vositalardan foydalangan holda mavjud daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi;

2-bosqichda xatlov natijasiga ko‘ra aniqlangan daraxtlarning turi, yoshi, bo‘yi, holati va joylashuv koordinatasini aks ettiruvchi maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi;

3-bosqichda maʼlumotlar bazasi asosida “Yashil makon” elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi.

 

Xabarga ko‘ra, 1-bosqich doirasida barcha viloyatlardagi yashil qoplam maydoni aniqlangan. Bunda hududlardagi barcha daraxtlar va butalarning maydoniga, sunʼiy yo‘ldoshlar orqali olingan fotosuratlardan foydalanib, geoaxborot tizimi orqali ishlov berilgan. Shuningdek, vazirlik huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti bilan birga sunʼiy yo‘ldoshdan olingan kosmik suratlar, masofadan zondlash, geoaxborot tizimlari hamda sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida yurtimizdagi barcha daraxtlar xatlovdan o‘tkazilib, joylashuv koordinatalari, soni aniqlandi hamda raqamli xaritasi yaratilgan. Bunda AQSH, Kanada, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Rossiya, Germaniya va Yaponiya kabi davlatlarning tajribalari o‘rganilgan.

 

Daraxtlarning sanog‘ini amalga oshirishda 5 yoshdan yuqori bo‘lgan daraxtlar hisobga olingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//