Toshkentda avtobuslarni tozalamagan mexaniklar jarimaga tortildi

Saqlash
15:11 / 26.01.2024 1526 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida harakatlanuvchi 80-sonli avtobusning sanitar holati talab darajasida emasligi bo‘yicha xabar tarqaldi. “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi holat “2-avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi 80-sonli “Janubiy vokzal — Muhammad Yusuf ko‘chasi” avtobus yo‘nalishida kuzatilganini ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, saroy filiallarida barcha avtobuslar yo‘nalishdan qaytganidan so‘ng ularning sanitar va texnik holatlari tekshirilib, har kuni yuvib-tozalash ishlari olib boriladi. Tongda navbatchi mexanik tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, texnik soz va sanitar holati toza bo‘lgan avtobuslar yo‘nalishga chiqariladi.

 

Biroq 24-yanvar kuni “2-avtobus saroyi” filiali navbatchi mexaniklari Sh. B., I.I. va Sh. B. o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, sanitar holati talab darajasida bo‘lmagan avtobusni yo‘nalishga chiqargan.

 

80-sonli avtobus filialga qaytganidan so‘ng mas’ul xodimlar tomonidan tozalanib, sanitar holati tartibga keltirilgan. Navbatchi mexaniklarga o‘rtacha oylik maoshining 20 foizi miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.

 

Kompaniya yo‘lovchilardan yuqoridagi kabi holatlar kuzatilgan taqdirda 1062 ishonch telefoni yoki ATTO mobil ilovasi orqali murojaat qilishlarini eslatib o‘tdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//