Siyosat
Markaziy bank boshqaruvi 25-yanvardagi yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, iqtisodiyotdagi yuqori talab dinamikasi ta’sirida shakllanayotgan kutilmalarni inobatga olib asosiy stavka darajasi o‘zgarishsiz qoldirilgan. Inflyatsiya yil yakunida 8-9 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Shakllantirilayotgan pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani 5 foizlik target darajasigacha barqaror pasayish trayektoriyasini ta’minlashga qaratilgan.
Umumiy inflyatsiya so‘nggi oylarda 8,8 foiz darajasida saqlanib qoldi. Iste’mol savatidagi tovarlar guruhida inflyatsiyaning pasayishiga qaramasdan, xizmatlar inflyatsiyasi oxirgi chorakda biroz tezlashdi. Bu esa, kelgusida talab tomonidan umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi bosimlarning kuchayish ehtimoli mavjudligini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning yuzaga kelishi va saqlanib qolayotgani, yuqori talab sharoitlariga ayrim taklif komponentlarining to‘liq moslasha olmayotgani bilan izohlanadi.
Jahon iqtisodiyotdagi qatʼiy moliyaviy sharoitlar, mehnat bozorlarining muvozanatlashishi va xomashyo tovarlari narxlarining pasayuvchi dinamikasi taʼsirida global inflyatsiyaning 2024-yilda ham sekishlashishda davom etishi kutilmoqda.
Savdo hamkorlardagi joriy iqtisodiy tendensiyalar va kutilmalarni inobatga olib, kelgusi oylarda so‘mning real almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kuzatilmasligi taxmin qilinmoqda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha 2024-yilda umumiy inflyatsiya 8-9 foiz, bazaviy inflyatsiya darajasi esa 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
2024-yilda makroiqtisodiy rivojlanishning qaysi ssenariy shartlari asosida kechishi tashqi iqtisodiy omillar bilan birga maqroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashning ichki omillari, yaʼni tarkibiy islohotlar surʼatlari, fiskal intizom va pul-kredit siyosati taʼsirchanligiga bog‘liq bo‘ladi.
Ayni paytda, ayrim tartibga solinadigan narxlarda kutilayotgan o‘zgarishlar, aksiz va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar hisobiga keyingi oylarda ichki narxlarga bir martalik taʼsir ehtimollarini pasaytirish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zbekistonda 2023-yil 16-martda asosiy stavkani yillik 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 14 foiz darajasida belgilandi. Shundan buyon asosiy stavka o‘zgarishsiz qolib kelmoqda.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q