Jamiyat
Ayni kunlarda Ozarboyjon Respublikasida “Oʻzbekiston fan va madaniyati kunlari” boʻlib oʻtmoqda. Mazkur tadbir doirasida joylarda qator uchrashuvlar, koʻrgazmalar, davra suhbatlari oʻtkazilyapti.
24-yanvar kuni Ozarboyjon Milliy fanlar akademiyasining Muhammad Fuzuliy nomidagi Qoʻlyozmalar institutida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tashabbusi bilan “Oʻzbekiston-Ozarboyjon: madaniyatlar muloqoti” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unga har ikki mamlakatning qator olimlari va mutaxassislari, tegishli idora va tashkilotlar vakillari taklif etildi.
Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlari qatorida Ozarboyjondagi bir qancha muzey va kutubxonalar, ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilib keladi.
“Oʻzbekiston va Ozarboyjon oʻrtasidagi madaniy aloqalar uzoq tarixga ega. Yaqinda ikki mamlakat olimlari ishtirokida “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumidan Ozarboyjonda saqlanayotgan madaniy merosimiz namunalariga bagʻishlangan yangi jild nashr qilindi. Mazkur kitob-albomda Muhammad Fuzuliy nomidagi Qoʻlyozmalar instituti, Ozarbayjon tarixi muzeyi, Tasviriy sanʼat muzeyi, Milliy gilam muzeyi singari muassasalarda saqlanayotgan, Oʻzbekistonga oid boʻlgan osori atiqalar haqida hikoya qilinadi”, degan Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.
“Institutimizda Oʻzbekiston zamini bilan bogʻliq qoʻlyozmalar koʻp. Jumladan, Imom al-Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosiga mansub oʻnlab qoʻlyozmalarni sanab oʻtish mumkin. Turk dunyosining mazkur buyuk siymolari biz, Ozarboyjon xalqi uchun ham nihoyatda qadrli, bu ulugʻ mutafakkirlar merosi durdonalari fondimiz xazinasidan joy olgani bizga ham iftixor bagʻishlaydi”, deydi , - Ozarboyjon Milliy fanlar akademiyasi Qoʻlyozmalar instituti direktori, akademik Temur Karimli.
Tadbirda Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori, akademik Shuhrat Egamberdiyev, Butunjahon jamiyati aʼzosi, sanʼatshunoslik fanlari doktori Elmira Gul, Ozarboyjon Milliy gilam muzeyi direktori Shirin Malikova, Qoʻlyozmalar instituti yetakchi ilmiy xodimi Azizogʻa Najafov va boshqalar mazkur kitob-albomning mazmun-mohiyati, Ozarboyjon toʻplamlaridagi Oʻzbekiston madaniy merosi durdonalarining oʻziga xosligi xususida toʻxtalib oʻtdi.
Anjumanda ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni chuqurlashtirishda “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasining tutgan oʻrni haqida gapirib, bu borada samarali faoliyat koʻrsatayotgan ozarboyjonlik olimlar va tadqiqotchilarga Butunjahon jamiyati nomidan tashakkurnomalarni topshirdi.
Ozarboyjon Milliy fanlar akademiyasi Muhammad Fuzuliy nomidagi Qoʻlyozmalar institutiga “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidagi kitob-albomlarning 50 jildi sovg‘a qilindi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining Ozarboyjondagi favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov ham ishtirok etgan.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q