Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada migrantlar o‘rdaksimon yurishga majburlangani holati nazoratga olinganini ma’lum qildi

Saqlash
16:30 / 24.01.2024 1218 0

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qurilish maydonlarining birida reyd o‘tkazilgani va unda bir guruh fuqaroning o‘rdaksimon usulda yurishga majburlagani tasvirlangan xabarlar tarqalgandi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi holat o‘rganilganini ma’lum qildi.

 

Dastlabki o‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, 2024-yilning 17-yanvar kuni Yekaterinburg shahrida joylashgan qurilish maydonlarining birida IIV, FXX, Rosgvardiya va prokuratura xodimlari tomonidan “nolegal” reyd tadbiri o‘tkazilgan.

 

Ushbu qurilish ishlarida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari vaqtincha ishlab kelgan. Reyd davomida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham ushlangan va patentsiz mehnat faoliyatini amalga oshirgani sababli sudning qarori asosida Yekaterinburg shahri Gornistov 15/4-uyda joylashgan Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirilgan.

 

Ushbu fuqarolarning ma’lum qilishicha, huquq-tartibort organlari xodimlari qurilish binosiga kirgan vaqtda ko‘plab mehnat migrantlari qochishga harakat qilgan va binoning orqa tomonidan qochayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Fuqarolarning harakatlariga javoban huquq-tartibort organlari xodimlari ularni o‘tirib yurishga majbur qilgan.

 

Hozirgi vaqtda ushbu holat O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan nazoratga olingan va ularga huquqiy va boshqa shakldagi yordam ko‘rsatilayotgani qayd etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//