Madaniy meros agentligi “Sharq” nashriyoti binolari bo‘yicha munosabat bildirdi

Saqlash
22:13 / 23.01.2024 1231 0

Avvalroq, “Sharq” nashriyoti binolari Moddiy madaniy meros obyektlari ro‘yxatidan chiqarilgani haqida xabar berilgan edi. Madaniy meros agentligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

 

Munosabatda aytilishicha, majmua 1914—1983-yillarda qurilgan jami 14 ta bino va inshootdan iborat. 2023-yil 14-oktyabrda ishchi guruh tomonidan mazkur obyektlarda tarixiy-madaniy ekspertiza o‘tkazilgan.

 

Ishchi guruh tarkibida Madaniy meros agentligi vakillari, agentlik huzuridagi Ilmiy ekspert kengashi a’zolari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “Sharq” nashriyot-matbaa korxonasi xodimlari bo‘lgan.

 

Ekspertiza natijalariga ko‘ra, ishchi guruh tomonidan bino va inshootlarning aksariyati to‘liq rekonstruksiyani taqozo etuvchi avariya holati, ayanchli ahvolda ekani to‘g‘risida tegishli xulosalar qilingan. Shuningdek, tarixiy va madaniy ahamiyatga molik binolar aniqlangan.

 

Shu bilan birga, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga mulk majmuasini realizatsiya qilinishida “O‘zA binosi” (liter 0002) maʼmuriy binosining tarixiy meʼmoriy qiyofasini saqlab qolish zarurligi, kelgusida esa qurilish, taʼmirlash va rekonstruksiya ishlarini Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.

 

Xabar so‘ngida aytilishicha, Madaniy meros agentligi Toshkent shahridagi modernizm inshootlari, shu jumladan, O‘zA binosini YUNESKO Butunjahon merosining dastlabki ro‘yxatiga kiritish uchun ariza tayyorlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//