Xorij OAV ob’yektivida Afg‘oniston: Urush tugadi. Endi vaziyat qanday tus oladi?

Saqlash
16:40 / 16.08.2021 1254 0

    Afg‘oniston prezidenti Ashraf Gʻani ite’foga chiqdi va rafiqasi Rula hamda ikki maslahatchisi bilan O‘zbekistonga uchib ketgani haqida xabar berildi. Bu haqda "The New York Times" nashriga asoslanib, "Ria Novosti" yozmoqda. Ammo Toshkentdagi Afg‘oniston elchixonasining bildirishicha, mamlakat sobiq prezidenti Ashraf Gʻani O‘zbekistonda ekani haqidagi ma’lumotga ega emas. Afg‘onistondagi o‘zbeklar yetakchisi, nufuzli harbiy va siyosiy arbob Abdurashid Do‘stum ham hozirda O‘zbekiston hududida bo‘lib turibdi. Reuters agentligi o‘z manbalariga asoslanib yozishicha, Mozori-Sharif qo‘ldan ketgach, Do‘stum xavfsiz O‘zbekiston tomonga chekingan. Afg‘on hududidagi barcha yirik elita vakillari mamlakatni tark etdi, imkoni borlar hanuz havo yo‘llari orqali boshqa davlatlarga ketmoqda. Shunday qilib, "Tolibon" jangarilari Afg‘onistonda urush tugaganini ma’lum qildi. Vaziyat qanday tus oladi?

    BBC xabariga ko‘ra, Tolibon matbuot kotibi jangchilar Kobulga zarur bo‘lgan tovarlar oqimini to‘sib qo‘ymasligi, shifoxonalar va xorijiy harbiy xizmatchilar qo‘riqlaydigan xalqaro aeroport faoliyatiga aralashmoqchi yoki zarar yetkazmoqchi emasligini aytgan. Shu bilan birga, Toliblar afg‘on askarlarining uylariga qaytishiga hech qanday to‘sqinlik yo‘qligini ta’kidlayapti. Shuningdek, Tolibon vakili Suhail Shahin BBC ga afg‘on xalqi va ularning mol-mulki xavfsizligi ta’minlanishini bildirgan.

    Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo prezidentlari Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan jiddiy xavotirda. Tolibon vakillari mintaqaga hujum qilish niyatida emasligini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, turli ekstremistik guruhlar uchun sharoit yaratilishi xavfi mavjud. Qolaversa, Tolibon g‘alabasi dunyoda Suriyadan keyin ikkinchi o‘rinni egallovchi Afg‘oniston yangi immigrasiya to‘lqiniga sabab bo‘lishi mumkin. Bu to‘lqinda ziyoli qatlam qochoqlarning ko‘p qismini tashkil etadi. Xo‘sh, O‘zbekistonda qanday vaziyat?

   Ma’lumki, afg‘onistonlik 84 nafar harbiy O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgani haqida xabar berilgan edi. Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotiga ko‘ra, ayni paytda Termiz-Hayraton ko‘prigi hududida vaziyat yumshagan. Xususan, ko‘prikning Afg‘oniston qismida to‘plangan Afg‘oniston fuqarolarining asosiy qismi ko‘prikni va unga tutash hududni mustaqil ravishda tark etgan. Bunga faol siyosiy va diplomatik sa’y-harakatlar, shuningdek, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida erishildi, deyiladi bayonotda.

  Xo‘sh, Afg‘onistonda hukumat boshqaruvi endi kimning qo‘liga o‘tadi? Kuzatuvlarimiz davom etadi.

  Ma’lumot uchun, Afg‘onistonning sobiq ichki ishlar vaziri Ali Ahmad Jaloliy o‘tish davri hukumatining rahbari bo‘ldi, deb xabar bermoqda rasmiy manbalar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//