O‘zbekistonda Meta kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochishi kutilmoqda

Saqlash
11:41 / 08.10.2025 35 0

O‘zbekistonda Facebook, Instagram, WhatsApp, Threads tarmoqlarini o‘z ichiga olgan Meta kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochishi mumkin. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

7-oktyabr kuni agentlikda kompaniya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Xususan, Meta’ning Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun davlat siyosati bo‘yicha direktor Sarim Aziz, Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston, Shri-Lanka va Maldiv orollari uchun davlat siyosati bo‘yicha rahbar Senura Abeyvardena, Markaziy Osiyo, Gonkong va Tayvan bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va ijtimoiy tashabbuslar bo‘yicha rahbar Aurora Li hamda Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston uchun davlat siyosati bo‘yicha mintaqaviy menejer Yerasil Kalixan ishtirok etdi.

 

Muhokamada O‘zbekistonda Meta vakolatxonasini ochish istiqbollari, reklamani ilgari surish va kompaniya platformalarida joylashtirishda firibgarlikning oldini olish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, kontentni monetizatsiya qilish va mamlakatdagi raqamli kontent yaratuvchilarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

 

Tomonlar raqamli platformalarni tartibga solish, foydalanuvchilarni himoya qilish va adolatli monetizatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘rnatish va tajriba almashish muhimligini qayd etdi.

 

ILMA uchrashuvda raqamli xavfsizlik, reklama shaffofligi, mas’uliyatli raqamli xulq-atvorni targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilganini qayd etdi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirish va uning muayyan yo‘nalishlarini o‘rganishga kelishib oldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//