Siyosat
Senat aʼzolari soni 100 nafardan 65 nafarga, Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosarlari esa 7 nafardan 2 nafarga qisqartirilmoqda. Bu va boshqa qoidalar 2024-yilda navbatdagi chaqiriqdagi Oliy Majlis palatalari ishi boshlanganidan amalga kiritilishi nazarda tutilyapti.
Senatning qirq toʻqqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokama etildi.
Taʼkidlanishicha, Oliy Majlis palatalari tomonidan oʻz faoliyatlarini tartibga soluvchi qonunlar yangi tahrirdagi konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda. Xususan, parlament palatalarining faoliyatidagi parallellikni va bir-birini takrorlovchi vakolatlari aniqlashtirilyapti, Senat aʼzolari jami 100 nafardan 65 nafarga qisqartirilmoqda. Bunda, har bir maʼmuriy-hududiy birlikdan 4 nafardan senator saylanishi, 9 nafari prezident tomonidan tayinlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda. Bunda spikerning oʻrinbosarlari fraksiya aʼzosi boʻlishi mumkin emasligi hamda lavozimda boʻlish davrida siyosiy partiyadagi aʼzolikni toʻxtatib turishi belgilanyapti. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatning oʻzini oʻzi tarqatib yuborish vakolati berilmoqda. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida oʻtkazilishi, Senatning yangi tarkibi esa 1 oy mobaynida shakllantirilishi nazarda tutilyapti.
Qonunda 100 ming nafardan kam boʻlmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi mumkinligi hamda parlament tekshiruvini oʻtkazish Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan oʻtkazishi ham nazarda tutilgan.
Senat aʼzolari soni va qoʻmitalar nomlarini hamda Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari soni va maqomini belgilovchi mazkur qoidalari 2024-yilda navbatdagi chaqiriqdagi Oliy Majlis palatalari ishi boshlanganidan amalga kiritilishi belgilangan.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q