Qo‘riqxonalar, milliy bog‘lar va o‘rmon xo‘jaliklarida ekoturizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi

Saqlash
20:27 / 18.01.2024 1634 0

O‘zbekistonda mavjud resurslaridan oqilona foydalangan holda ekologik turizmni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratiladi. Bu 12-yanvar kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida ekologik turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda qayd etilgan.

 

Qarorga koʻra, Ekologiya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar (qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), oʻrmon va oʻrmon-ov xoʻjaliklari, togʻli va choʻl hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida (ekohududlar) joylashgan yer uchastkalari kompleks turizm xizmatlarini yoʻlga qoʻygan holda turistik klasterlar tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi. Bunda yer uchastkalari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali faoliyat koʻrsatish muddatini keyinchalik oʻzgartirish imkoniyati bilan 10 yil muddatga ijaraga beriladi.

 

Shuningdek, turistik klasterlar hududidagi turistik obyektlar yengil va tez quriladigan konstruksiya hamda ekologik toza qurilish materiallaridan barpo etiladi.

 

Qolaversa, Ekologiya vazirligi tomonidan ekohududlarni rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Dasturlar klasterlarda turizm xizmatlarini koʻrsatishda atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatmaslik masalasiga qaratiladi.

 

Qarorga koʻra, quyidagilar ham amalga oshiriladi:

 

— ekohududlarning mavjud tabiiy resurslaridan kelib chiqqan holda turistik soʻqmoqlar, selfi zona va piknik zonalar, manzalari tomosha maydonchalari va hayvonlarni masofadan kuzatish imkonini beruvchi fototurlar tashkil qilish;

 

— chiqindilarni tashlash va ekohududda oʻrnatiladigan yoʻl koʻrsatkichlari nuqtalarini belgilash hamda ekologik talablarga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalarini joylashtirish;

 

— kemping, glemping, oʻtov, ekouylar va boshqa turdagi joylashtirish vositalarini oʻrnatish;

 

— ekohududlarga kirish qismida elektromobillar uchun quvvatlantirish stansiyalari, koʻchma restoranlari boʻlgan avtoturargohlar qurish;

 

— ekohududlarda turistlar oʻzlari kerakli maʼlumotlarni olishlari uchun tashrif markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish.

 

Turistik klasterlarda faoliyat koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkasini ijaraga berishda quyidagi talablar qoʻyiladi:

 

— ekohududning ekologik holati va turizmni rivojlantirishning barqarorligini taʼminlash;

 

— ekohududda noyob tabiiy obyektlar va majmualarni, oʻsimliklar va hayvonlarning genetik fondini saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

 

— ekologik talablar asosida turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va xizmatlar sifatini jahon standartlari darajasiga yetkazish;

 

— energiyaning muqobil va qayta tiklanuvchi manbalaridan foydalangan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni joriy qilish asosida oʻziga xos ekologik tizim yaratish;

 

— yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali aholi daromadlarini oshirish;

 

— ekohududga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;

 

— innovatsion va zamonaviy turizm infratuzilmasini yaratish;

 

— avtomatlashtirilgan maxsus elektron dastur yordamida axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish orqali tashrif buyuruvchilar oqimini koʻpaytirish;

 

— ekohududdagi turistik soʻqmoqlar va yoʻl koʻrsatkichlarining belgilangan talablarga muvofiqligini taʼminlash;

 

— yangi turizm xizmatlari (shu jumladan, Planting Tour, Plogging Tour va boshqalar) va ekoaksiyalarni tashkil qilish;

 

— ekohududning ishlab chiqilgan brendi asosida targʻibot dasturlarini amalga oshirish;

 

— ekohududning rekreatsion salohiyatini oshirish.

 

Shuningdek, Surxon, Hisor, Nurota, Zomin davlat qo‘riqxonalari, “Sudochye-Akpekti”, “Barsakelmes” davlat buyurtma qo‘riqxonalari, “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi, Markaziy Qizilqum, Janubiy Ustyurt, Zarafshon, Xorazm, Zomin, Yuqori To‘palang, Bobotog‘ milliy tabiat bog‘lari, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati, Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi, shuningdek, Burchmulla, Qiziriq, Boysun, Bobotog‘, Hisor, Uzun, Surxondaryo, Dehqonobod, Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaliklari va Darg‘om davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasida ekoturizm xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

 

Bundan tashqari, 2024-yil 1-sentyabrga qadar “Tabiatga sayohat” elektron platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi. Ular turistik klasterlarning elektron xaritasi, turistik klasterlarning tashrif markazlarida koʻrsatiladigan xizmatlar, sayohatni rejalashtirish va joylashtirish vositalarini oldindan band qilish imkoniyati, mavjud togʻ va gʻorlar, turistik soʻqmoqlar va ularning imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.

 

Shu bilan birga, 2027-yil 1-yanvarga qadar choʻl hududlarida rekreatsion turistik xizmatlar koʻrsatuvchi kurort zonalarini (toifali mehmonxonalar, SPA-mehmonxonalar, sanatoriy va pansionatlar) tashkil qilgan tadbirkorlik subyektlari uch yil davomida foyda soligʻini va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻining 50 foizini toʻlaydi. Choʻl hududlarida tematik xiyobonlarni tashkil qilgan yuridik shaxslar ham xiyobonlar foydalanishga topshirilgan kundan eʼtiboran uch yil davomida mol-mulk va yer soligʻining 50 foizidan ozod qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//