Toshkentda bir oilaning 3 a’zosi vafot etdi, 2 nafari esa jonlantirish bo‘limiga yotqizildi

Saqlash
17:46 / 18.01.2024 1036 0

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida bir oilaning besh a’zosi xonadondan hushsiz holda topildi. Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, 16-yanvar kuni soat 17:00 atrofida tuman ichki ishlar organlariga 1-tong ko‘chasida yashovchi 5 nafar fuqaro hushsiz holda topilgani yuzasidan xabar kelib tushgan.

 

Voqea joyi va murdalar tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan vaqtda fuqarolar 36 yoshli M.N. (ona) va 3 yoshli S.S. (qiz) vafot etgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya bo‘limiga og‘ir ahvolda olib borilgan fuqaro 39 yoshli Z.A. (ota) ham ko‘rsatilgan tez-tibbiy yordamga qaramasdan, bir kun o‘tib vafot etgan.

 

Bundan tashqari, fuqarolar 12 yoshli M.S. (qiz) va 8 oylik F.S. (qiz) hushsiz holatda topilib, RSHTYOIMning toksikologiya jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

 

Bosh prokuraturaga ko‘ra, hodisa joyidan turli xil giyoh va dori vositalari, xonadonda iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining barchasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

 

“Hozirda ekspertiza tayinlangan, o‘limga nima sabab bo‘lganini aniq ayta olmaymiz. Aniq xulosadan keyin oila a’zolari qanday vafot etgani ma’lum bo‘ladi”, degan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

 

Holat bo‘yicha Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//