“Paxtakor” futbol klubi sotuvga qo‘yildi

Saqlash
16:25 / 17.01.2024 1100 0

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Paxtakor futbol klubi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 100 foiz davlat ulushi savdoga chiqarilganini ma’lum qildi.

 

Klubni sotib oluvchi xaridor keyinchalik quyidagi talablarga rioya qilishi kerak bo‘ladi:

 

futbol klubining faoliyatini saqlab qolish, rivojlantirish va xalqaro darajaga olib chiqish;

 

futbol klubi balansidagi barcha sport obyektlaridan, shu jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanish;

 

“Paxtakor” futbol klubi akademiyasi faoliyatini saqlab qolish va rivojlantirish.

 

Aktivni sotish ikki bosqichda o‘tkaziladi:

 

Birinchi bosqichda talabgorlar oldindan malakalanadi (saralanadi), jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning to‘liqligi, GAROV puli kelib tushgani, davlat aktividan kelgusida foydalanish yo‘nalishlariga qo‘yilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki nomaqbulligi, talabgor va ular bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslardan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek, yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagani, shuningdek, kelajakda bunday ro‘yxatlarga kirish ehtimolining pastligi ko‘rib chiqiladi.

 

Ikkinchi bosqichda talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va to‘lovni amalga oshirish muddati), garov puli miqdori (narx taklifining kamida 5 foizini tashkil etishi) hamda to‘lov qobiliyati baholanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//