“Tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingi” ishlab chiqiladi va reytingi yuqori tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi

Saqlash
17:24 / 16.01.2024 1050 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tyapti.

 

“Toʻgʻri ishlayotgan, tushumlarini toʻliq koʻrsatib, soliqlarini oʻz vaqtida toʻlayotgan tadbirkorlar bir narsadan xotirjam boʻlsin. Bunday tadbirkorlarni biz har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni davom ettiramiz”, dedi prezident.

 

Davlat rahbarining topshirigʻiga koʻra, endilikda tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingi ishlab chiqiladi. Endi ular faoliyatiga soliqchilar baho bermaydi, ragʻbatlantirish choralari ham reyting asosida belgilanadi hamda bu tadbirkorlar kutayotgan adolatli yechim boʻladi.

 

Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun:

 

barcha soliq tekshiruvlari bekor boʻladi;

 

qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi bir kunda tekshiruvlarsiz qaytarib beriladi (hozir 7 kundan 30 kungacha);

 

boshqa soliq turlari boʻyicha ortiqcha toʻlov summasi uch kunda qaytarib beriladi (hozir 15 ish kunida);

 

tovarlarni import qilishda va sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻini bojxona va soliq organlarida oʻzaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi;

 

tumanlarda auksionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini boʻlib toʻlash muddati 3-yildan 5-yilgacha uzaytiriladi.

 

Har bir tadbirkor real vaqt rejimida oʻz oʻrni va bahosini bilib borishi mumkin bo‘ladi. Savdo-sanoat palatasiga oʻz saytida reyting natijalarini onlayn eʼlon qilib, tadbirkorlar soʻrovlariga tezkor javob berib borish zarurligi koʻrsatib belgilandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//