Prezident rahbarligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishi bo‘lib o‘tdi

Saqlash
21:01 / 12.01.2024 1860 1

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

Majlisda Xavfsizlik kengashi aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar rahbarlari, okruglar qoʻmondonlari, harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

 

Yigʻilish avvalida davlat rahbari mamlakat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish borasida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlarning natijalarini tahlil qildi.

 

Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining bu yoʻnalishdagi faoliyati tanqidiy koʻrib chiqildi, mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglandi.

 

Harbiy xizmatchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini takomillashtirish, milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, harbiy-maʼmuriy sektorlar va mudofaa sanoati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

 

Globallashuv jarayonlari hamda odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi oʻta murakkab sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning oʻrni va ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida taʼkidlandi.

 

“Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi boʻlishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”, – dedi prezident.

 

Shu munosabat bilan davlat rahbari yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini qayta koʻrib chiqish yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Navqiron avlod vakillarining yurtimizdagi islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish, ular oʻz intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratish muhimligiga eʼtibor qaratdi.

 

Hozirgi kunda Qurolli Kuchlarning zamonaviy infratuzilmasi negizida va monomarkazlarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Davlat rahbari bu yoʻnalishdagi tadbirlarni kengaytirib, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish va mehnat faoliyatini boshlashi uchun subsidiyalar orqali qoʻllab-quvvatlash zarurligini qayd etdi.

 

Shuningdek, yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida media makonda olib borilayotgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi ishlarni kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.

 

Xavfsizlik kengashi yigʻilishida mamlakat mudofaa sanoati majmuasini yanada rivojlantirish, davlat chegaralarini qoʻriqlash tizimini takomillashtirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, favqulodda vaziyatlarni prognoz va monitoring qilish, avariya va texnogen halokatlarning oldini olish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha ham dolzarb vazifalar koʻrsatib oʻtildi.

 

Prezident harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish davlat siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qolishini qayd etdi.

 

Yigʻilish yakunida davlat rahbari barcha harbiylarni, butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdi.

1 Izoh

axror

01:01 / 13.01.2024

Совершенствование системы воспитания военнослужащих и молодежи в духе патриотизма, дальнейшее развитие нашей национальной армии и укрепление обороноспособности страны, военно-административные широкомасштабные

Izoh qoldirish