Adabiyotshunos olim Homidjon Homidiy vafot etdi

Saqlash
14:55 / 12.01.2024 2096 0

Taniqli adabiyotshunos olim, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Homidjon Homidiy 11-yanvar kuni vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Hamidjon Homidiy 1935-yil 4-oktyabrda Namangan viloyati, Kosonsoy shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, Kosonsoy bosmaxonasida harf teruvchi, gazetaning mas’ul kotibi bo‘lib ishlagan. Turli yillarda olimning “Gumanizm kuychisi”, “Barhayot sheʼriy qasr”, “Boqiy bo‘ston tarovati”, “Shohnomaning shuhrati”, “Qirq besh alloma hikoyati”, “Ajdodlar sabog‘i – aql qayrog‘i”, “Ko‘hna Sharq darg‘alari”, “Mashriqzamin – hikmat bo‘stoni” (hammuallif), “Tasavvuf allomalari”, “Olis-yaqin yulduzlar”, “Namangan adiblari” (hammuallif), “Koson tarixi” (hammuallif), “Avestodan Shohnomaga”, “Daholar davrasi” singari o‘ttizga yaqin kitoblari nashr qilingan.

 

Bundan tashqari, olim bir qancha darslik va o‘quv qo‘llanmalarning muallifidir. Turli ilmiy to‘plam, jurnal hamda vaqtli matbuotda olimning 500 dan ortiq maqolalari eʼlon qilingan. Ilmiy maqolalari Tehron, Boku, Olmaota, Dushanbe, Xo‘jand shaharlaridagi majmua hamda qomuslardan ham o‘rin olgan. U “Do‘stlik” ordeni hamda “Mustaqillikning 15 yilligi”, 1972 va 1984-yillarda “Xalq maorifi aʼlochisi” nishonlari bilan taqdirlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//