Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi mudofaa sanoati klasteriga tashrif buyurdi

Saqlash
14:44 / 12.01.2024 1699 0

Prezident, Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni Mudofaa sanoati agentligining Toshkent viloyatida joylashgan ishlab chiqarish klasterini borib ko‘rdi, deya xabar qildi prezident matbuot xizmati.

 

Xabarda ta’kidlanishicha, keyingi yillarda qo‘shinlarning tezkor va jangovar tayyorgarligi samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida zarur infratuzilmaga ega bo‘lgan bir qator o‘quv poligonlari yaratilgan. Bu ishlar izchil davom ettirilmoqda.

 

“Shu bilan birga, bugungi kunda yangi bosqichga ko‘tarilayotgan mudofaa sanoatini modernizatsiya qilish va salohiyatini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Aynan shu maqsadda o‘tgan yilning yanvar oyida prezident Mudofaa sanoati agentligini Mudofaa vazirligi tizimiga o‘tkazish va uning faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan topshiriq bergan edi”, — deyiladi xabarda.

 

Agentlik tomonidan “zarur harbiy-texnik mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, zamonaviy harbiy texnikalarni xarid qilish va qo‘shinlarga yetkazish hamda mavjud qurol-aslaha namunalarini modernizatsiya qilish” bo‘yicha tizimli ishlar boshlab yuborilgan.

 

 

Davlat rahbariga obyektlarga tashrifi chog‘ida Mudofaa sanoati agentligining ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar va rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

 

Yangi klaster hududida joylashgan korxonalar o‘zaro integratsiya qilinib, ularning yagona ta’mirlash sexlari tashkil qilindi. Mazkur korxonalarda qurol-yarog‘ va harbiy texnika, radiolokatsiya qurilmalari, optik va elektron-optik asboblar, o‘qotar va artilleriya qurollari modernizatsiya qilinmoqda hamda metallarga yuqori aniqlikda ishlov berilmoqda.

 

 

Davlat rahbari ushbu quvvatlar faoliyati bilan tanishib, sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish zarurligini qayd etdi, korxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

 

Prezidentga Mudofaa sanoati agentligining yangi klasteridagi ishlab chiqarish quvvatlari tomonidan ta’mirlangan va modernizatsiya qilingan harbiy texnika va qurol-yarog‘ namunalari namoyish etildi.

 

Shavkat Mirziyoyev tashrif chog‘ida yangi turdagi harbiy mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha korxona faoliyatiga start berdi. Mahsulotlarning yuqori sifatini ta’minlash, muhandis va mutaxassislar malakasini oshirish zarurligini ta’kidladi.

 

Yakunda prezident mutasaddilarga mudofaa sanoati korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//