Penza viloyatidagi YTHda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari O‘zbekistonga qaytariladi

Saqlash
14:18 / 12.01.2024 1680 0

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Penza viloyatidagi YTHda jarohat olgan ikki kishini hamda halok bo‘lganlarning jasadlarini olib kelish bo‘yicha tegishli idoralarga topshiriq bergan.

 

Rossiyaning Penza viloyatida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekistonning yetti nafar fuqarosi halok bo‘lgani rasman tasdiqlandi, yana ikki kishi jarohatlangan. O‘zbekiston FVV hodisasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

 

11-yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 02:20 larda Penza viloyati, Nijnelomov rayoni M-5 avtomobil yo‘lining 503 kilometrida harakatlangan JAC rusumli miniven Volvo rusumli yuk avtomobili bilan to‘qnashgan, natijada miniven ichida bo‘lgan O‘zbekistonning 9 nafar fuqarosidan 7 nafari voqea joyida halok bo‘lgan, 2 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan va ularga tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

 

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida vafot etgan va jabrlangan fuqarolarni vatanga olib kelish yuzasidan kerakli barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

 

Rossiya tergov qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, JAC mikroavtobusi Moskva shahri tomon harakatlanib ketayotgan paytda qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va Volvo yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//