Sement ishlab chiqarish uchun soliq stavkasi pasaytirilganiga izoh berildi

Saqlash
16:50 / 11.01.2024 1358 1

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Yer qaʼridan foydalanganlik uchun sement ishlab chiqarishga moʻljallangan ohaktosh boʻyicha amalda boʻlgan 22,5 ming soʻm soliq stavkasi 1 tonna uchun 6 ming soʻmga pasaytirilgani keng muhokamalarga sabab boʻlayotgandi. Bu boʻyicha “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi rasmiy bayonot berdi.


Maʼlum qilinishicha, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan eʼlon qilingan 2024-2026-yillarga moʻljallangan byudjet rejasida 2024-yil uchun soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlarining 6-bandida yer qaʼridan foydalanganlik uchun sement ishlab chiqarishga moʻljallangan ohaktosh boʻyicha belgilangan 22,5 ming soʻm soliq stavkasini 2 barobarga pasaytirish taklif qilingan edi.


Chunki 5 foizlik soliq stavkasi 2019-yildan boshlab oshirilgan va bugungi kunda qadar har bir tonna ishlab chiqarilgan ohaktosh uchun 22,5 ming soʻm (yoki ohaktosh tannarxining 75 foizi) etib belgilanganligi sement narxlarini oshishiga olib kelgandi.


Hozirda bir tonna ohaktoshning oʻrtacha narxi – 30 ming soʻmni tashkil etadi.


2023-yil 28-dekabrda qabul qabul qilingan 891-sonli “Soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida sement ishlab chiqarishda ohaktoshga yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 6 ming soʻm etib belgilandi.


«“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi sement ishlab chiqarish uchun ohaktoshga soliq stavkasini 4 baravarga kamaytirilishi ushbu mahsulotlarning mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi raqobatbardoshligini oshirishiga xizmat qiladi deb hisoblaydi», deyiladi bayonotda.


Stavkalar pasaytirilganligiga qaramasdan, yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi ohaktosh tannarxining Oʻzbekistonda – 20 foizni, qoʻshni davlatlarda yaʼni Qozogʻistonda – 4,7 foiz, Qirgʻizistonda – 3 foiz, Tojikistonda - 7 foizni tashkil etadi.

1 Izoh

Anvar

17:01 / 11.01.2024

Nimaga endi ta‘lim, sog‘liqni saqlash xodimlariga imtiyoz berilmaydida, faqat o‘zini foydasi uchun ishlaydigan tadbirkorlik va aholiga foydasi bo‘lmagan temir yo‘l, aviatsiya, moshina ishlab chiqarish, gaz konlari, sement zavod, qurilish kompabiyalari kabilarga imtiyoz beriladi.

Izoh qoldirish

//