O‘zbekistonda chiqindi tashishda elektromobillardan foydalaniladi

Saqlash
19:37 / 09.01.2024 1037 0

 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan endi respublikada chiqindi tashishda elektrda yurishga mo‘ljallangan texnika vositalaridan foydalaniladi.

 

“Bugungi kunda ekologiya, xususan, chiqindi sohasida yangi texnologiyalar joriy qilinmoqda. Xitoyning Chengdu Shiny Technology Co Ltd kompaniyasi bilan hamkorlikda olib kelingan elektrotexnika vositasi, avvalo, atmosferaga zaharli tashlamalar chiqarmasligi bilan ahamiyatli. Ya’ni, bu mashina ekologiyaga zarar yetkazmaydi”, deydi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.

 

Xitoy kompaniyasi mutaxassisi Vey Go ushbu elektromobil atmosferaga zararsiz ekanligini, O‘zbekiston ham aynan shu jihatga e’tibor qaratganini ta’kidladi.

 

“Elektromobil Xitoyning Chenju shahrida ishlab chiqarilgan. Ekologik jihatdan zararsiz. O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikdan mamnunmiz va kelajakda chiqindi tashiydigan elektromobillarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz», — dedi Vey Go.

 

Elektromobil dastlab Jizzax viloyatida sinovdan o‘tkaziladi. E’tiborli jihati, u tor ko‘chalarda ham yurishga mo‘ljallangan.

 

“Mashina to‘liq quvvatda 300 kilometr masofani bosib o‘tadi. Bu esa kun davomida aholi yashash punktlaridan chiqindilarni olib, maxsus poligonlarga tashish imkonini beradi. Shuningdek, 3 tonnagacha yukni bemalol ko‘tara oladi”, dedi chiqindi klasteri rahbari Jahongir Xudoyberdiyev.

 

Ma’lumot uchun, 2023-yilda Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan aholi yashash punktlaridan chiqindilarni olib ketishning signal usuli o‘rniga musiqali usul joriy qilingan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//