Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yo‘lladi

Saqlash
10:01 / 09.01.2024 900 0

“Qonun hukmron bo‘lgan jamiyatda albatta adolat, siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va yuksalish bo‘ladi, inson qadri, huquq va manfaatlari ta’minlanadi”, deyiladi prezident tabrigida.

 

So‘nggi yillarda prokuratura sohasini tubdan isloh etish, bu borada ochiqlik va adolatga asoslangan, fuqarolar va jamiyat manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish, o‘z nazariy va amaliy maktabiga, fidoyi va professional xodimlar korpusiga ega bo‘lgan tizimni shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

 

“Eng muhimi, prokuratura tizimi ham, odamlarimizning unga nisbatan munosabati ham o‘zgarmoqda. Bugungi kunda el-yurtimiz prokuratura timsolida «jazolovchi idorani» emas, balki aholi va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashadigan, ularning dardiga sherik, madadkor bo‘lishga harakat qiladigan xalqparvar tuzilmani ko‘rmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Buni keyingi yetti yilda prokuratura organlari tomonidan 2 millionga yaqin murojaat ijobiy hal etilib, 300 mingdan ortiq fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, 148 mingga yaqin tadbirkorning muammolariga yechim topilgani tasdiqlaydi.

 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tgan davrda 53 mingdan ziyod huquqbuzarlik va jinoyatga chek qo‘yildi, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 4,7 trillion so‘m zarar undirildi, 15 mingdan ortiq shaxsning faoliyatiga qonuniy tus berilib, ularning tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi ta’minlandi. Prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosining tashkil etilishi ijro ishini yuritish bo‘yicha mavjud tartibsizliklarga barham berib, qat’iy intizom o‘rnatishga imkon yaratdi. O‘tgan yil davomida 36 trillion so‘mlik sud hujjatlarining ijrosi ta’minlandi.

 

Bildirilishicha, mamlakatda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan ezgu tamoyil asosida qonuniylikni ta’minlash borasidagi ishlar hal qiluvchi bosqichga kiryapti.

 

“Har bir prokuratura xodimi bir haqiqatni chuqur anglab yetishi zarur. Qachon odamlarimiz hayotida xotirjamlik, ro‘zg‘orida farovonlik va halovat bo‘ladi, qachon ularda ertangi kunga ishonch ortadi? Qachonki, yurtimizda qonunlar qog‘ozda emas, balki amalda qat’iy bajarilgan, islohotlar har bir xonadon, har bir mahallaga kirib, yurtdoshlarimiz ularning amaliy samarasini o‘z kundalik hayotida his etgan taqdirda bu maqsadga to‘la erishish mumkin”, degan prezident.

 

Ta’kidlanishicha, xalqning og‘irini yengil qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikka qarshi kurashishga qaratilgan dasturlar ijrosini izchil tashkil etish, atrof-muhit, tabiiy boyliklar va madaniy merosni ko‘z qorachig‘idek asrash, tibbiyot, ta’lim kabi sohalardagi islohotlarni davom ettirish va bu borada qonun buzilishiga murosasiz bo‘lish – prokuratura xodimlarining konstitutsiyaviy burchi va eng asosiy vazifasidir.

 

“Aminmanki, yurtimizda korrupsiya illatiga qarshi kurashish jarayoni umumxalq harakatiga aylanayotgan bugungi kunda prokuratura xodimlari alohida jonbozlik ko‘rsatib, o‘z tashabbuslari bilan barchaga namuna bo‘ladilar”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish