Andijon va Farg‘onada elektrobuslar ishlab chiqariladi

Saqlash
17:48 / 08.01.2024 1342 0

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Xitoyning DongFeng bosh direktori Van Pen bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

 

Qayd etilishicha, uchrashuvda jamoat transporti tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar, harakat tarkibini zamonaviy avtobus va mikroavtobuslar bilan yangilashga bo‘lgan talab va ehtiyoj yuzasidan fikr almashilgan.

 

Xususan, DongFeng Special Car kompaniyasi Farg‘ona viloyati Furqat tumanida 2 bosqichda, umumiy qiymati 100 million dollarga teng bo‘lgan, yiliga 1000 dona elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirgan.

 

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz” nashriga ma’lum qilishicha, qurilish ishlariga fevral oyida start beriladi. Dastlabki, elektrobuslar yilning III choragida ishlab chiqarila boshlanadi va ular butun O‘zbekiston bo‘ylab jamoat transportini yaxshilash uchun foydalaniladi.

 

Shuningdek, Andijon viloyati rahbari Shuhrat Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyda Lanzhou Guangtong New Energy Automobile kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

 

Tomonlar 100 mln dollarlik ikki tomonlama memorandum imzolagan. Bu viloyatda yillik quvvati 2000 ta elektroavtobus ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihani amalga oshirish imkonini beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//