Toshkentdagi do‘konda qishki kiyimlar bepul tarqatilgani ortidan tartibsizlik yuzaga keldi

Saqlash
21:12 / 06.01.2024 1886 0

Toshkent shahar IIBB poytaxtdagi do‘konlarning birida bepul tarqatilgan kiyim-kechaklar sabab sodir bo‘lgan tartibsizliklar yuzasidan ma’lumot berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, 4-yanvar kuni Yunusobod tumanida joylashgan savdo do‘konlaridan biri erkaklar uchun 300 dona qishki paltoni bepul tarqatishni rejalashtirgan va bu xabar “Tekinga palto 300 dona” deb nomlangan sarlavha bilan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan. Natijada ko‘plab fuqarolar ushbu do‘konga tashrif buyurgan va do‘kon oldida tartibsizliklar yuzaga kelgan. Shu hududda xizmat olib boruvchi ichki ishlar organlari xodimlari aralashuvi bilan jamoat tartibi saqlanib, vaziyat nazoratga olingan, hech kim jarohatlanmagan.      

 

Holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida savdo do‘koni rahbari 25 yoshli S.I.ga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200-1-moddasiga (ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish) asosan, ushbu do‘konning 9 nafar ishchisiga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasiga (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

 

To‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudiga taqdim etilgan. Sud tomonidan S.I.ga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida (5,1 million so‘m) jarima jazosi tayinlangan, 9 nafar fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida (3,4 million so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//