Statistikani yanada aniqroq va qiziqarliroq qilish mumkin. Masalan “ilg‘or Qozog‘iston tajribasi” orqali

Saqlash
15:51 / 06.01.2024 2137 1

2024-yil 5-yanvar kuni 2023-yil bo‘yicha statistikalar doirasida O‘zbekistonda chaqaloqlarga eng ko‘p qo‘yilgan ismlar va tug‘ilish statistikasi ma’lumotlari bir necha muassasalar tomonidan e’lon qilindi. Faollar ushbu ma’lumotlardagi chalkashlik va noaniqliklar, shuningdek statistikani yanada qiziqarliroq qilishi mumkinligi borasida fikr bildirdi.

 

2023-yildagi tug‘ilish statistikasi Adliya vazirligi va prezident huzuridagi statistika agentligi tomonidan ochiqlandi. Taniqli jurnalist va bloger Muhrim A’zamxo‘jayev ushbu ma’lumotlardagi nomutanosibliklarga e’tibor qaratgan:

 

“Yil boshi, shu bois turli tashkilotlar oʻtgan yil yakunlariga oid qiziqarli raqamlar bera boshlaydi. Ular raqamlarni beraveradi, buyoqdan eski chalkashliklar yuzaga chiqaveradi, biz ham eski savollarni takroran beraveramiz (xotira chatoq, xotira).

 

Mana, adliyachilarning xabar berishicha, 2023-yilda Oʻzbekistonda 968 140 nafar bola tugʻilibdi va bu 2022-yilning mos davriga nisbatan 28 360 ta kam ekan. Yaʼni, adliyachilar aytmoqchiki, 2022-yili Oʻzbekistonda 996 500 nafar – salkam 1 million bola tugʻilgan edi.

 

Aftidan, infografikada “koʻpaygan” soʻzi oʻrniga “kamaygan” deb yozib yuborishgan – 968 mingga 28 mingni qoʻshsak emas, aksincha, ayirsak, adliyachilar 2022-yil yakunlari boʻyicha bergan 939 046 ga yaqinroq bir narsa – 939 740 soni chiqib keladi. Bu, birinchidan.

 

Ikkinchidan, 939 046 boʻladimi, 939 740 boʻladimi, farqi yoʻq – adliyachilar berayotgan har ikkala son ham Statistika agentligining 2022-yilgi tugʻilishlar soniga doir koʻrsatkichi – 932 217 dan sezilarli koʻp. Eski, javobi esdan chiqqan savol shu yerda tugʻiladi.

 

Masʼullar buning “siri”ni bir tushuntirishgandi: adliyachilar barcha tugʻilishlarni – chaqaloq tirik tugʻildimi, oʻlik tugʻildimi, farqi yoʻq – bir tekisda hisoblab ketadi. Statistika agentligi esa, xalqaro tavsiyalarga asosan, faqat tirik tugʻilishlarni hisobga kiritadi.

 

Shu oʻrinda yana bir savol tugʻilishi tabiiy – nima, Oʻzbekistonda har yili 6-7 minglab chaqaloqlar oʻlik tugʻilyaptimi? Bunga menda ham javob yoʻq hozircha. ‘Pochchamiz tilga kirsalar, nima boʻlganini oʻzlari aytib beradilar’, deydi-ku ‘Uchrashuv’da, oʻsha gap-da, xullas.Bu yerda, turgan gapki, qandaydir tushunmovchilik bor. Buning uchun birovni jazolab, ochiq tashkilotlarni yopib qoʻymaslik kerak. Oʻsha tushunmovchilik topilib, bartaraf etilib, ochiqlikka xos ravishda bir chimdim izoh berib qoʻyilsa kifoya. Hech boʻlmasa, kelasi yil shunday tushunmovchilik boʻlmas. Yaxshi niyat-da”.

 

Jurnalist ushbu statistika borasida yana bir e’tiborga molik fikr bildirgan:

 

“Bugunning qiziq (lekin muhim boʻlmagan) yangiliklaridan biri – 2023-yilda Oʻzbekistonda eng koʻp qoʻyilgan ismlar reytingidir. Adliya vazirligining maʼlum qilishicha, oʻgʻil bolalar orasida ketma-ket beshinchi yil Muhammadali ismi, qizlar orasida esa ketma-ket oltinchi yil Soliha ismi chempion boʻlibdi.

 

Muhammadaligacha oʻgʻil bolalar orasida Azizbek ismi gegemon boʻlgan, lekin oxirgi toʻrt yilda bu ism oʻnlikka ham kira olgani yoʻq. Umuman, 2020-yildan beri oʻnlik faqat Abdulloh, Mustafo, Imron, Ibrohim va oʻzagi Muhammadli ismlardan iborat. Taqqoslash uchun, 2014-2015-yilgi reytinglarda Asilbek, Umid, Ozod, Shohjahon, Sardor, Jahongir, Javohir, Ulugʻbek kabi ismlar koʻp boʻlgan.

 

Qizlar reytingi ham qiziq. Masalan, 2013-yildan 2016-yilgacha Madina, Dilnura, Marjona, Sevinch, Malika, Farangiz, Eʼzoza, Umida kabi ismlar trendda boʻlgan; Eʼzoza va Malika 2018-yildan, Madina esa 2020-yildan oʻntalikka kirmay qoʻygan. Aksincha, Mubina 2014-yildan, Muslima(xon) 2015-yildan, Soliha(bonu) 2016-yildan, I(y)mona 2017-yildan, Shukrona 2018-yildan, Hadicha 2020-yildan beri trenddan tushmaydi.

 

Ikki yildan beri Yasmina va Ifora ismlari ham trendda ekan (darvoqe, 2013 va 2014 da Jasmina 1-oʻrinda boʻlgan). Bu yil Sumayya va Saʼdiya ismlari birinchi marta oʻnlikka kiribdi. Mubina esa oʻntalikka kirgani 2014-yildan beri birinchi marta eng quyidan joy olibdi – 2024-yilda reytingdan chiqib ketadi-yov. Ishqilib, bularga qarab maʼlum bir trendlar, tendensiyalarni koʻrish mumkin. Qiziq.

 

Ayni vaqtda, maʼlumotlarning toʻliqligi va ishonchliligi masalasi ham bor. Deylik, Muslima va Muslimaxon – bir ism, ammo bir yil reytingida ikkita oʻrinda turibdi. Roʻyxatni Adliya vazirligi shakllantirgani, ular uchun Muhrim va Muxrimxon umuman boshqa odamlar ekani inobatga olinsa (masalan, notarius Muhrim degan odamga hech narsa oʻtkazib berolmaydi, chunki bunday odam yoʻq), xato yoʻq; bunaqa reytinglarning idealini, nazarimda, maʼlumotlarni Adliya vazirligidan olib, data-jurnalistlar, mustaqil tadqiqotchilar qilishi kerak. Qiziqroq tafsilotlar ochiladi.

 

Lekin, xohish boʻlsa, tadqiqotchilargacha davlat tashkilotlarining oʻzi ham buni zoʻr uddalab qoʻyishi mumkin. Boya, shu mavzuda qoʻshnilarda ahvol qanday ekaniga qiziqib, gugllash asnosida Qozogʻiston Statistika byurosi saytiga kirib qoldim. “Mashhur ismlar” degan maxsus bir sahifasi bor ekan. 1944-yildan (!) Qozogʻistonning har oylik ismlar reytingini koʻrsa boʻlarkan. Dahshat!

 

Yana bir qiziq servisi – “Mendakalar qancha?”. Ismingiz, yoshingiz, jinsingiz, millatingiz va yashash joyingizni kiritib (men shunchaki butun Qozogʻistonni tanlab qoʻyaverdim), Qozogʻistonda ismi va yoshi siznikidek qancha odam borligini bilib olsangiz boʻlarkan. Masalan, Qozogʻistonda jami 34 ta Xushnud bor ekan, shundan 19 nafari oʻzbek, shuning ham ikkitasi 34 yoshda ekan (biri oʻzimizning Xushnudmikin deb oʻylab qoldim), lekin butun boshli Qozogʻistonda birorta ham Muhrim yoʻq ekan, umuman, mutlaqo! (alam, alam – lekin, boshqa tomondan, oʻzimga motivatsiya ham-ku!).

 

Xullas, xohish boʻlsa, nafaqat oxirgi 10-yillik, balki 80-yillik mana shunday bazani onlaynlashtirib, yana boshqa qiziqarli narsalarni ham havola qilsa boʻlarkan. Ilgʻor qozoq tajribasi-da, ha labbay?!”.

 

Blogerning oxirgi fikrlari haqiqatdan aktual. O‘zbekiston Statistika agentligi oldinroq 1926-yildan boshlab har o‘n yillikdagi O‘zbekiston aholisi soni statistikasini e’lon qilgan edi. Ammo shundan keyin O‘zbekistonning tarixiy statistikalarini e’lon qilish deyarli to‘xtatdi.

 

Umuman tarixiy ma’lumotlarni ochiqlash va o‘zgacha yondashuvlar orqali statistika quruq raqamlar emasligini ko‘rsatish va unga qiziqishni yanad oshirish mumkin.

 

1 Izoh

Ikromjon

17:01 / 06.01.2024

Bizdagi bu chalkashliklarning sababi shu ishga mas'ul hodimlarning yuzaki shunchaki be'etibor bilan qilishlarida. To'satdan kimgadur bu statistika kerak bo'lib qoladiyu uni zudlik bilan qilish kerak degan topshiriq keladi qaysidur vaqti bor hodim unu shunchaki bajaradi. Menimcha shunday yana bilmadim.

Izoh qoldirish

//