Soliq majburiyati bo‘yicha da’vo muddati qisqartirildi

Saqlash
17:18 / 05.01.2024 1570 0

2024-yilning 1-yanvardan O‘zbekiston soliq organlari tadbirkorlik subyektlarini 5 yil emas, balki oxirgi 3 yil davomidagi faoliyati yuzasidan tekshirishi mumkin. Bu soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinishi munosabati bilan Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarda nazarda tutilgan.

 

Soliq kodeksining 88-moddasi 2-qismiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati 5 yildan 3 yilga qisqartilgan, ya’ni soliq yoki boshqa vakolatli organ soliq davri tugaganidan yoki agar soliq majburiyatining yuzaga kelishi muayyan voqea yoki harakat bilan bog‘liq bo‘lsa, shu voqea yoki harakat sodir bo‘lgan paytdan e’tiboran faqat 3 yilgacha bo‘lgan muddat davomida soliq tekshiruvi o‘tkazishi mumkin.

 

Buxgalter.uz nashrining qayd etishicha, soliq to‘lovchilar va soliq agentlari uchun soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati qisqarishi, xususan, quyidagilarni anglatadi:

 

Endi ular soliq hisobotlarini va soliqlarni hisoblash hamda to‘lash bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni 5 yil emas, balki 3 yil davomida saqlashi kerak.

 

Endi ortiqcha to‘langan soliq summasini hisobga olish yoki qaytarish uchun arizani ushbu summa to‘langan kundan boshlab 3 yil ichida berish mumkin.

 

Ortiqcha undirilgan soliq summasini hisobdan chiqarish yoki qaytarish to‘g‘risidagi ariza soliqning ortiqcha undirilgani fakti ularga ma’lum bo‘lgan kundan boshlab yoxud sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab 3 yil ichida berilishi mumkin.

 

Transfert narxi shakllanishi bo‘yicha soliq nazorati doirasida nazorat qilinadigan bitimlar sifatida tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilinishidan 3 yilgacha oldin muddatda tuzilgan bitimlar hisobga olinadi. Tekshirish o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror esa soliq to‘lovchining nazorat qilinadigan operatsiyalar to‘g‘risida xabarnoma olgan kunidan boshlab 3 yildan kechiktirmay qabul qilinishi mumkin.

 

Agar soliq huquqbuzarligi sodir etilgan kundan boshlab yoki u sodir etilgan soliq davri tugaganidan keyingi kundan boshlab javobgarlikka tortish to‘g‘risida qaror qabul qilingungacha 3 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa, javobgarlikka tortilmaydi.

 

Shuningdek,1-yanvardan kameral tekshiruv o‘tkazish tartibi ham o‘zgardi. Endilikda soliq organlariga bunday tekshirishni o‘tkazish vaqtida soliq to‘lovchining hududiga kirishi, uning hududi va binolarini ko‘zdan kechirishi, soliq to‘lovchini chaqirishi va undan hujjatlarni talab qilishi, shuningdek, soliq to‘lovchidan hujjatlar va har qanday narsalarni olib qo‘yishi taqiqlanadi.

 

Kameral tekshiruv soliq organining o‘zi tomonidan soliq to‘lovchi ishtirokisiz va faqat soliq organlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.

 

Ushbu cheklovlar QQS miqdorini qoplash (qaytarish) bo‘yicha kameral tekshiruvga tatbiq etilmaydi.

 

Ushbu o‘zgarish prezidentning 2023-yil 4-sentabrdagi “Prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//