Oksford universiteti kutubxonasi O‘zbekiston bilan hamkorlik qiladi

Saqlash
14:35 / 29.12.2023 2536 0

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Oksford universitetining Bodliyan kutubxonasiga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan qadimiy o‘zbek qo‘lyozma asarlarini ko‘zdan kechirdi.

 

«Dunyo» agentligi xabariga ko‘ra, 1602-yilda tashkil etilgan Bodliyan kutubxonasi Oksford universitetining asosiy tadqiqot kutubxonasi hisoblanadi. U Yevropadagi eng qadimiy kutubxonalardan biridir. Ushbu maskan Buyuk Britaniyada Britaniya kutubxonasidan keyin ikkinchi yirik kutubxona sanaladi. Kutubxona fondlarida 13 milliondan ortiq kitoblar, arxiv hujjatlari, qo‘lyozmalar, jumladan, arab, fors, turkiy va eski chig‘atoy tillariga oid asarlar mavjud.

 

Muzokaralar chog‘ida mazkur kutubxonada qo‘lyozmalarni saqlash bo‘yicha tajribasi bilan tanishish maqsadida qadimiy kolleksiyalarning «oltin fondi»ga kirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bodliyan kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmalar ichida Sulton Husayn Boyqaroning «Devoni Husayniy», Ahmad Termiziyning «Fununu-l-balog‘a», Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy» va «Sabai sayyor» asarlari bor.

 

Britaniya tomoni O‘zbekistondagi ko‘rgazmalarda namoyish qilish uchun Bodliyan kutubxonasi «oltin fondi»da saqlanayotgan qo‘lyozmalarni ijara berish masalasini o‘rganish, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarni Buyuk Britaniya texnologiyasi asosida qadimiy qo‘lyozma kitoblarni qayta tiklash va o‘rganish uchun kasbiy tayyorgarlikka qabul qilishga tayyorligini bildirdi.

 

Bodliyan kutubxonasi mutaxassislari bilan o‘tkazilgan muhokamalar yakunida tomonlar 2024 yilda O‘zbekistonning tegishli mutaxassislari uchun qo‘lyozmalarni qayta tiklash, raqamlashtirish va ko‘rgazmalar tashkil bo‘yicha Britaniya tajribasi asosida onlayn o‘quv seminarlarini o‘tkazishga kelishib oldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//