Oʻzbekistonda “Koʻcha sanʼati va musiqasi” loyihasi amalga oshiriladi

Saqlash
21:11 / 28.12.2023 2795 0

25-dekabr kuni “Aholiga madaniy xizmat koʻrsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

 

Qaror bilan 2024−2025-yillarda respublikada oʻtkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejasi tasdiqlandi.

 

2024-yildan har ikki yilda bir marta oktyabr oyida badiiy havaskorlik jamoalari oʻrtasida respublika tanlovi oʻtkaziladi.

 

2024-yil 1-apreldan:

 

  • “Madaniyat toʻlqinlari” media loyihasi amalga oshiriladi. Media loyiha doirasida tanlov oʻtkaziladigan yoʻnalishlar va ularning konsepsiyasi belgilab berilib, jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan va gʻoyaviy yuksak eng yaxshi 50 ta media mahsulotning har biri 50 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
  • “Xon qabuli” teatrlashtirilgan tarixiy tantanali rasmiy qabul marosimi namuna sifatida Qoʻqon shahridagi Xudoyorxon oʻrdasida tashkil etiladi;
  • aholi orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur mahalliy va xorijiy shaxslar ishtirokida “Yulduz bilan sayohat” loyihasi amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, tegishli manzillarda “Koʻcha sanʼati va musiqasi” loyihasi amalga oshiriladi. Bunda:

 

  • tegishli koʻchalarda cholgʻu asboblari, rassomchilik va hunarmandchilik savdo rastalari tashkil etiladi;
  • har chorak yakunida har bir hududdan 10 nafar faol ijodkor BHMning kamida 20 baravari miqdoridagi pul mablagʻlari bilan ragʻbatlantirib boriladi.

 

Qarorga koʻra, milliy madaniyatimizni xorijda faol targʻib etuvchi chet el fuqarolari, jumladan vatandoshlar faoliyatini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Oʻzbek madaniyati elchisi” maqomini berish tizimi joriy etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//