“Chig‘atoy gurungi” jurnalining ilk soni taqdim etildi

Saqlash
21:13 / 27.12.2023 1521 0

Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi muassisligida “Chig‘atoy gurungi” jurnali nashr etila boshladi. Bu haqda ta’lim maskani tashkil etilganining to‘rt yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda ma’lum qilindi.

 

Adabiy kechada ko‘zga ko‘ringan jamoatchilik faollari, adabiyotshunos va san’atshunoslar, OAV vakillari ishtirok etdi.







– Bundan roppa-rosa to‘rt yil ilgari, 2019-yilning 26-dekabr sanasida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shaxsan o‘zi ishtirok etib, ilk dars mashg‘ulotlarini o‘tkazgan,
– deydi ta’lim muassasasi direktori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Hilola Nazirova. – Ona tili va adabiyot, tarix, ingliz tili kabi fanlarga ixtisoslashgan maktabga o‘quvchilar 7-sinfdan qabul qilinadi. Hozirda 209 nafar o‘g‘il-qizga mahoratli, yuqori pedagogik salohiyatga ega o‘qituvchilar dars bermoqda.

 

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirish uchun darsdan so‘ng fan to‘garaklaridan tashqari,  ijodiy to‘garak mashg‘ulotlari ham tashkil etiladi. Jumladan, “Chig‘atoy gurungi” drama va musiqa to‘garagi, “Tasviriy va raqamli veb-dizayn” to‘garagi, “Mujda” adabiyot to‘garagi hamisha gavjum.

 

Ushbu tantanali tadbirda ijodiy to‘garaklarning yarim yillik hisobotlari ham taqdim qilindi. Iqtidorli o‘g‘il-qizlar tilidan yangragan she’rlar, kuy-qo‘shiqlar adabiy kechaga xush kayfiyat ulashdi.







Tadbirda taqdimoti o‘tkazilgan “Chig‘atoy gurungi” adabiy-badiiy, ilmiy-maʼrifiy jurnali yilda to‘rt marta, ya‘ni har chorakda bir marta chop etiladi. Nashrning nishona soniga so‘zboshi yozgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ta’kidlaganidek, “Jurnalning nomini o‘qiboq istiqlolni orzulab o‘tgan jadid bobolarimizning  qaynoq nafasini his qalamiz. Ilk professorlarimizdan biri sanalgan Abdurauf Fitrat asos solgan “Chig‘atoy gurungi” adabiy uyushmasi o‘z davrida progressiv qarashlar olg‘a surilgan zamonaviy platforma edi, deyish mumkin. Ishonamizki, yangi jurnal ham zamonamizning ilg‘or fikrli yoshlariga chinakam mulohaza maydoni bo‘ladi!”.

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//