Oʻzbekiston Prezidenti MDHning norasmiy sammitida ishtirok etdi

Saqlash
10:12 / 27.12.2023 805 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida MDHga aʼzo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan qatnashdi.

Uchrashuvda 2023-yilgi koʻp tomonlama hamkorlikning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va kelgusi yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar koʻrib chiqildi. MDH doirasida koʻp qirrali munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimiz Hamdoʻstlikda faol ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston 20 dan ortiq tarmoq boʻyicha hamkorlik organlariga hamda ustuvor soha va tarmoqlar boʻyicha 24 ta muhim bitimga qoʻshildi.

MDH mamlakatlari kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi boʻyicha loyihalar portfeli 30 milliard dollardan oshdi va deyarli barcha tarmoqlarni qamrab olgan.

Davlatimiz rahbari MDH doirasidagi amaliy hamkorlikni tubdan kengaytirish va hamkorlikning amaldagi institutsional mexanizmlari samaradorligini oshirish zarurligini alohida qayd etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish