Hindistonga buyrak transplantatsiyasi uchun borgan oʻzbekistonlik fuqaroning 16 ming dollari oʻgʻirlab ketildi

Saqlash
14:57 / 27.12.2023 996 0

Hindistonning Gurugram (Gurgaon) shahrida politsiya kiyimidagi bir guruh shaxslar Oʻzbekiston fuqarosining pullarini oʻgʻirlab ketdi, deb xabar bermoqda Dunyo axborot agentligi OAVga tayanib.

 

Shanba kuni soat 21:00 atrofida mehmonxonaga qaytgan uch oʻzbek aka-uka oʻzlarini politsiya xodimi deb tanishtirgan shaxslar tomonidan toʻxtatilib, hujjatlari tekshirish uchun olingan. Xabarda aytilishicha, ular sumkalarni koʻzdan kechirish jarayonida 16 ming dollarni oʻgʻirlab, qochib ketgan.

 

Oʻzbekiston fuqarosi Б.С. Hindistonga Gurugram shahridagi Artemis shifoxonasida buyrak koʻchirish amaliyotini oʻtkazish uchun borgani maʼlum boʻldi. U voqea yuzasidan politsiyaga murojaat qilgan.

 

Hozirda Hindiston jinoyat qonunchiligining 379A- (Tortib olish orqali oʻgʻrilik), 419- (Oʻzini boshqa kishi deb tanishtirish yoʻli bilan aldash) va boshqa moddalari boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Oʻzbekistonning Hindistondagi elchixonasi Tashqi ishlar vazirligi va boshqa rasmiy idoralar bilan muzokaralar olib bordi, vaziyat nazoratga olindi, deyiladi xabarda.

 

Diplomatik missiya vatandoshlarni turli maqsadlarda, jumladan, davolanish uchun Hindistonda boʻlish chogʻida turli shubhali shaxslarning gaplariga ishonmaslikka, ayniqsa, moliyaviy masalalar bilan bogʻliq vaziyatlarda shaxsiy xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya qilish, yirik miqdorda naqd pul ishlatmaslik, balki bank kartalaridan yoki pul oʻtkazish amaliyotidan keng foydalanishga chaqirdi.

 

Elchixona vatandoshlarga zarur holatlarda konsullik-huquqiy yordami koʻrsatilishi uchun zudlik bilan +91 11 2467 0774/75 telefon raqami yoki @consuluzbindia_bot Telegram botiga murojaat qilishni tavsiya etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//