13 yoshli qizni zo‘rlagan IIV xodimiga sud hukmi o‘qildi

Saqlash
22:20 / 25.12.2023 1291 0

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida IIB xodimi 13 yoshli qizni zo‘rlagani aniqlandi. Oliy sud unga nisbatan o‘qilgan sud hukmini e’lon qildi.

 

Xabarga ko‘ra, 25-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudida M.J.ga (1992-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Mirobod tumani IIO FMB 3-son IIB HPB profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

 

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudining sudyasi J.Xojayev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

 

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq M.J. voyaga yetmagan Z.D.ga (2010-yilda tug‘ilgan) nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining appelyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli ekani aytilgan.

 

Bundan tashqari, sud tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksining 417-moddasi (jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanganda sudning harakatlari) tartibida M.J.ga o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish uchun shart-sharoit yaratib bergan Sh.A., M.Z. va F.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini xal qilish uchun Bo‘stonliq tumani prokuroriga xabar yuborildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//