Oʻzbekiston sayyohlar uchun Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz davlat sifatida tan olindi

Saqlash
22:25 / 22.12.2023 1453 0

Oʻzbekiston sayyohlar xavfsizligi boʻyicha Markaziy Osiyoda eng yaxshi davlat sifatida tan olindi. Qozogʻiston esa mintaqada sayyohlarga tibbiy xizmat koʻrsatish darajasi boʻyicha eng yaxshi boʻldi. Bu haqda sayyohlarni xavfsizlik va tibbiy xizmat bilan taʼminlashga ixtisoslashgan International SOS tashkiloti mutaxassislari xulosa berdi.

 

Interaktiv xavflar xaritasiga koʻra, Oʻzbekiston xavf darajasi past boʻlgan davlatlar qatoriga kiritilgan. Mamlakatda zoʻravonlik darajasi past, tartibsizliklar va teraktlar kam uchraydi, xavfsizlik va favqulodda vaziyatlar xizmatlari samarali, infratuzilma ham yaxshi ekani qayd etilgan.

 

“Kun.uz” nashrining eʼtibor qaratishicha, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston oʻrtacha xavfli davlatlar guruhiga kiritilgan.

 

Hammasi boʻlib, xarita beshta xavf darajasini koʻrsatadi — kichikdan oʻta yuqori darajagacha.

 

Sayyohlar uchun dunyodagi eng xavfsiz davlatlar Shveysariya, Sloveniya, Daniya, Norvegiya, Finlyandiya, Islandiya va Grenlandiya oroli hisoblanadi. Afgʻoniston, Ukraina, Iroq, Yaman, Liviya, Somali va Janubiy Sudan oʻta xavfli deb tasniflangan.

 

International SOS ekspertlari dunyo mamlakatlarini tibbiy yordamning rivojlanish darajasi va undan foydalanish imkoniyatlari boʻyicha ham tahlil qilgan. Ushbu koʻrsatkichga koʻra, mintaqadagi vaziyat Qozogʻistonda eng yaxshi hisoblanadi.

 

Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston “yuqori xavf” davlatlari sanaladi. Bu davlatlarda shoshilinch, tibbiy va stomatologik kabi asosiy tibbiy yordam turlari bor. Ixtisoslashtirilgan yordam esa katta shaharlarda ham cheklangan. Retsept boʻyicha beriladigan sifatli dori-darmonlar yoʻq boʻlishi mumkin. Oziq-ovqat yoki suv orqali yuqadigan infeksiyalar tez-tez uchraydi.

 

International SOS sogʻliqni saqlash va xavfsizlik xizmatlari boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniya hisoblanadi. Unda 90 mamlakatda joylashgan xavfsizlik, tibbiyot, logistika va raqamli texnologiyalar boʻyicha 13 ming nafar mutaxassis ishlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//