Oʻzbekistonda daraxtlarni noqonuniy kesgan ayrim shaxslar 15 sutkaga qamalishi mumkin

Saqlash
16:45 / 22.12.2023 1068 0

Oʻzbekistonda daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun javobgarlikni oshirish koʻzda tutilgan qonun 20-dekabr kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisda senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

“Daryo”ning eʼtibor qaratishicha, taklif etilayotgan qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga bir qator oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

 

Jumladan, daraxtlarni, butalarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, shikastlantirish yoki boshqa joyga koʻchirish uchun belgilangan jarima miqdori 5 barobarga oshirilmoqda.

 

Bunda ushbu huquqbuzarlik uchun jarima:

 

fuqarolarga BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha — 8,5 million soʻmdan 17 million soʻmgacha (amalda 5 baravaridan 10 baravarigacha)

 

mansabdorlarga esa BHMning 50 barobardan 75 barobarigacha — 17 million soʻmdan 25,5 million soʻmgacha belgilanmoqda (amalda 10 baravardan 15 baravargacha).

 

Ushbu huquqbuzarlik jarima qoʻllanilganidan keyin 1-yil davomida takror sodir etilganda jarima miqdori fuqarolarga BHMning 50 barobaridan 75 barobarigacha (17 milliondan 25,5 milliongacha) mansabdor shaxslarga esa 75 barobaridan 100 barobarigacha (25,5 milliondan 34 milliongacha) oshirish yoki huquqbuzarga nisbatan 15 sutkagacha boʻlgan muddatda maʼmuriy qamoqqa olish jazo chorasi nazarda tutilmoqda.

 

Shuningdek, daraxt va butalarning qimmatbaho turlarini kesish yoki yoʻq qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini tayyorlaganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 50 barobaridan 75 barobarigacha miqdorda jarima shaklidagi maʼmuriy javobgarlik kiritilmoqda.

 

Daraxt va butalar qimmatbaho navlari kesilishiga yoki yoʻq qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini tayyorlaganlik uchun mansabdorlarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima shaklidagi maʼmuriy javobgarlik kiritilmoqda.

 

Qonun bilan “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunga ham qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

 

Xususan, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini gʻayriqonuniy ravishda kesganlik, yoʻq qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishi belgilanmoqda. Bu hozirgi hisob-kitobda 34 million soʻmdan 102 million soʻmgacha boʻlgan summani tashkil etadi.

 

Bunda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi jarima tarzida moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi koʻrsatib oʻtilmoqda.

 

Undan tashqari, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlari gʻayriqonuniy ravishda kesilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda, ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs har bir daraxt va buta oʻrniga qimmatbaholigi jihatidan kam boʻlmagan 100 tup daraxt va buta koʻchatini aynan oʻsha joyga oʻz hisobidan ekishi hamda ularni 3-yil davomida parvarish qilishi shartligi belgilanmoqda.

 

“Mamlakatimizning qaysi bir yerida boʻlmasin, birorta daraxt noqonuniy kesilgudek boʻlsa, birinchi navbatda, jamoatchilik (OAV, ijtimoiy tarmoqlar) shu zahotiyoq xabar topib, bong urmoqda. Va zudlik bilan taʼsir choralari koʻrilmoqda. Lekin shunga qaramasdan, masala hamon dolzarb. Daraxtlarni nobud qilish ogʻir oqibatlarga olib kelishini hamma ham chuqur anglab yetayotgani yoʻq”, — dedi majlisda Tanzila Norboyeva.

 

Senat raisining taʼkidlashicha, mazkur qonun asosida kiritilayotgan normalar daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytirilmoqda. Nafaqat oqibatlar, balki ularga olib keluvchi omillarning ham oldini olish imkoniyati yaratilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//