“Yuksalish” harakati raisi rus amaldorining Oʻzbekistonni bosib olish tahdidiga javob qaytardi

Saqlash
17:43 / 21.12.2023 1237 0

“Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov rus amaldorining Oʻzbekistonni bosib olish tahdidiga javob qaytardi.

 

Bekmurodov Zaxar Prilepinning “Oʻzbekistonni bosib olish” tahdidini mutlaqo qabul qilib boʻlmaydigan holat deb atagan.

 

“Rus siyosatchilarining bunday qarashlari shubhasizki, oʻzbekistonliklar orasida Rossiya Federatsiyasiga salbiy munosabatni kuchaytirmoqda.

 

Uning tobora kamayib borayotgan nufuzini yanada pasaytirmoqda. Rus siyosatchilari agressiv kayfiyat va soʻzlar bilan doʻst orttirib boʻlmasligini anglab yetishi zarur. Aynan shunday agressiv harakatlari doʻstona munosabatdagi mamlakatlar bilan aloqalarning yomonlashishiga sabab boʻlmoqda.

 

Ikkinchidan, Zaxar Prilepinni bunday harakat Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida qatʼiy ogohlantiramiz.

 

Uchinchidan, Prilepin va boshqa rus siyosatchilari ilgari surayotgan bunday qarashlar illyuziyadan boshqa narsa emas. Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, Oʻzbekiston mustaqil, mustahkam suverenitetga ega mamlakatdir.

 

Qolaversa, qariyb 60 ming aʼzoga ega boʻlgan Harakat nomidan Rossiya rasmiylarini ittifoqchi mamlakatga nisbatan bunday agressiv bayonotlarga eʼtibor qaratishga va batamom chek qoʻyishga chaqiraman.

 

Prilepin bu gaplari bilan Rossiya Konstitutsiyasining oʻzga davlatlar bilan tinch hayot kechirish, ichki ishlariga aralashmaslikni nazarda tutuvchi 79.1 moddasiga zid chiqmoqda”, — deb yozadi harakat raisi.

 

Rossiyalik yozuvchi Zaxar Prilepin “Bizga kelgan muhojirlarga bu yerda emas, balki Oʻzbekistonning oʻzida rus tilini oʻrgatish uchun ularni qoʻshib olish zarur”, degandi propagandachi.

 

U misol sifatida Oʻzbekistonning ikki million fuqarosi shu yerda yashayotgani uchun Rossiya bu hududga daʼvo qila olishini qayd etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//