Jamiyat
Oʻzbekistonda masʼullarga 2024-yildan energoresurslarga boʻlgan ichki ehtiyojni 100 foiz taʼminlash vazifasi qoʻyilgan. Bu haqda energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov jurnalist Aziza Qurbonovaning YouTubeʼdagi “Oʻzi nima gap?” loyihasiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Jurnalist energetika sohasida ishlar vazir intervyu davomida aytganidek shiddat bilan ketadigan boʻlsa, yaqin kelajakda mamlakatning barcha hududida uzluksiz energotaʼminotga erishish imkoniyati bor-yoʻqligi haqida savol berdi.
“Qancha vaqt ketishi mumkin? Siz bunga ishonasizmi? Oʻzi buning iloji bormi? Har bir qishloqda, har bir ovulda — mayli, muqobil boʻlsin, mayli, tabiiy gaz boʻlsin, mayli, tarmoqlar bilan borsin — har xil yoʻl bilan oxir-oqibat 99 foiz [taʼminot]ga erisha olamizmi?” — deya savol bilan yuzlandi Aziza Qurbonova.
Bunga javoban vazir oʻz oldiga maqsad qoʻygani haqida gapirdi.
“99 foiz — kimnidir taʼminlab berolmaymiz degani… Oʻtgan yili noyabr oyida cheklovlar kiritishga majbur boʻlganmiz. Bu yil noyabrda cheklovlar kiritilmadi, barcha korxonalar bir maromda [ishladi]. Nafaqat korxonalar, balki aholiga ham uzluksiz yetkazib berildi…”, — deb tushuntirdi u.
Joʻrabek Mirzamahmudov tizimda tarmoq uzilishi, transformator kuyishi, yonishi yoki nosozlik kelib chiqishi kabi hodisalar boʻlib turishini aytib, kelgusi yilda uning tizimiga vazifa yuklanganini taʼkidladi.
“Generatsiya tarafidan ishontirib aytamanki, 2024-yildan 100 foiz oʻz ichki ehtiyojimizni qoplash imkoniyatimiz paydo boʻladi. Biz buni taʼminlaymiz, bizga shunday vazifa qoʻyilgan. Agar bu vazifani bajara olmasak, oʻylaymanki, nafaqat men, balki tizimimizdagi barcha masʼullar ishlashga noloyiqmiz”, — dedi Joʻrabek Mirzamahmudov.
Uning soʻzlariga koʻra, prezident va hukumat tarafidan bu kunlik nazoratda va hisobotlar berib borilmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q