OAVni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati 10 kungacha qisqartiriladi

Saqlash
15:45 / 21.12.2023 892 0

Senatning navbatdagi majlisida “Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun maʼqullandi.

 

“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunga ommaviy axborot vositasini roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi arizani roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan koʻrib chiqish muddati 15 kundan 10 kunga kamaytirilishini, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunga esa advokatga guvohnoma berish muddati kamaytirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

 

Shuningdek, qonun bilan fuqarolar va yuridik shaxslarning, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning murojaatlarini koʻrib chiqish yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat boji, yigʻim yoki boshqa toʻlovlarni toʻlash uchun toʻlov hujjatlarining nusxalarini taqdim etish talabini bekor qilishni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

 

Shu bilan birga, yuridik shaxslarni Xususiy bandlik agentliklari reyestriga kiritish tartibi soddalashtirilmoqda.

 

“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, advokatlik byurolarini, advokatlik firmalarini va advokatlar hayʼatlarini roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) hamda yuridik maslahatxonalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish funksiyalari adliya organlaridan Davlat xizmatlari markazlariga oʻtkazilmoqda. Bunda roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun toʻlanadigan davlat bojlari miqdorlari ham kamaytirilmoqda.

 

Bundan tashqari, bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari, isteʼmol, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi kooperativlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) ham Davlat xizmatlari markazlariga yuklatilgan.

 

Amaldagi qonunchilikka gerbli guvohnomalarda davlat gerbi va QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri mavjud boʻlishi haqidagi talab mustahkamlab qoʻyilishini, jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida 16 yoshga toʻlgan fuqarolarni hisobga olish tartibi joriy etilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

 

Mazkur Qonunda Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining davlat organi sifatidagi maqomi ham aniq belgilab qoʻyilgan.Bundan tashqari, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilayotgan oʻzgartirishga muvofiq, nodavlat arxivlar tashkil etish va ularning faoliyatini tugatish tartibi soddalashtirilmoqda, litsenziyani yoki qayta rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan harakatlar tadbirkorlik subyektining xohishiga koʻra, qayta rasmiylashtirish uchun yigʻim toʻlanmagan holda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan qaysi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatga muvofiq amalga oshiriladigan boʻlsa, oʻsha hujjatni qayta rasmiylashtirish tartibi soddalashtirilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//