Senat 2024-yilga moʻljallangan Davlat budjetini maʼqulladi

Saqlash
19:24 / 20.12.2023 1354 0

Senatning 48-yalpi majlisida “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan koʻrib chiqildi.

 

Muhokamalar jarayonida 2024-yilda mamlakatimiz iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning oʻsish suratlari 5,6-5,8 foiz miqdorida boʻlishi kutilayotganligi qayd etildi.

 

Qonunda 2024-yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 375,0 trln soʻm miqdorida, xarajatlari esa 427,6 trln soʻm miqdorida rejalashtirilgan holda konsolidatsiyalashgan budjet 52,6 trln soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz miqdoridagi taqchillik bilan shakllantirildi.

 

Taʼkidlanganidek, Davlat budjeti daromadlari 270,4 trln soʻmni, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamgʻarmalariga transfertlarni inobatga olgan holda 312,9 trln soʻmni tashkil etdi.

 

Bunda soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgan boʻlib, unga koʻra asosiy soliq stavkalari oʻzgarishsiz qoldirilgan.

 

Davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari va xarajatlari (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 55,2 trln soʻm va 85,8 trln soʻm miqdorida rejalashtirilmoqda.

 

Keyingi yilda ham budjet xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlab qolinib, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan taʼminlash va boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami Davlat budjeti xarajatlarining qariyb 50 foizi yoki 151,5 trln soʻm yoʻnaltiriladi.

 

Qonunda asosan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va barqaror rivojlanish milliy maqsadlarida nazarda tutilgan ustuvor yoʻnalishlar va vazifalarga erishish inobatga olingan.

 

Muhokamalar jarayonida senatorlar budjet daromadlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratdi. Yashirin iqtisodiy faoliyatni qisqartirish, budjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanish, ajratilgan mablagʻlar natijadorligini taʼminlash yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdilar.

 

Qayd etilganidek, mahalliy va importga belgilangan aksiz soligʻi stavkalarini tenglashtirish maqsadida alkogol va tamaki mahsulotlari importi uchun stavka 5 foizga pasaytirilib, yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi sement ishlab chiqarishga moʻljallangan ohaktoshning 1 tonnasi uchun 2 baravarga pasaytirilmoqda.

 

Shuningdek, senatorlar Qonunda budjet daromadlar bazasini kengaytirish, soliq siyosatini belgilashda sogʻlom turmush tarzini yaxshilash va tabiatni asrashni ragʻbatlantirishga eʼtibor qaratilganligiga alohida toʻxtaldilar.

 

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

Mavzuga doir: 2024-yil uchun davlat budjeti loyihasi eʼlon qilindi. Qaysi tashkilot qancha mablagʻ oladi?

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//