Qashqadaryoda 7-sinf qiz unashtirilgani aytildi. Bolalar ombudsmani va xotin-qizlar qoʻmitasi bayonot berdi

Saqlash
15:28 / 20.12.2023 1410 0

Qashqadaryo viloyatida 7-sinf qiz unashtirilgani haqida videolavha tarqaldi. Unda bir ayol yosh qizning boʻyniga taqinchoq taqqanini koʻrish mumkin.

 

Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova tomonidan oʻrganish olib borildi. Aniqlanishicha, voqea Qashqadaryo viloyati, Koʻkdala tumanida sodir boʻlgan.

 

Qizning ota-onasi videodagi holat aslida farzandining tugʻilgan kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tadbir ekani toʻgʻrisida tushuntirish bergan. Shuningdek, holat toʻy yoki unashtiruv marosimi emasligi, qizini erta turmushga berish niyati yoʻqligi, uni oʻqitish va shifokor qilish niyatida ekanini maʼlum qilgan.

 

Shu bilan birga bu hududda qizlarning unashtiruv marosimini erta oʻtkazish urf-odati qisman boʻlsa-da saqlanib qolgani aytildi. Shu sababli, ombudsman holat boʻyicha nazoratni davom ettiradi, bolaning jismonan va maʼnan sogʻlom muhitda parvarish qilinishi, uning taʼlim olish huquqi hamda kelgusida oʻz hayoti bilan bogʻliq qarorlarni qabul qilish huquqi taʼminlanishini kuzatib boradi.

 

Bolalar ombudsmani qizlarni erta turmushga berish holatlariga mutlaqo murosasiz boʻlib, shunday fikrda boʻlgan ota-onalarni nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish uchun qonunan javobgarlik belgilangani haqida ogohlantirgan.

 

Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi vakili Saodat Boymirzayeva ham holat yuzasidan tushuntirish berdi. Unga koʻra, qizchaning ota-onasi va buvisi videodagi holat aslida farzandining tugʻilgan kuni munosabati bilan oʻtkazilgan marosim ekanligi toʻgʻrisida tushuntirish bergan.

 

Masʼullar tomonidan D.K ning ota-onasi ayolni turmushga chiqishiga majburlash uchun jinoiy javobgarlik mavjud ekanligi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//